O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Ziyorat turizmini rivojlantirishning dolzarb masalalari”ga bag’ishlangan xalqaro davra suhbati o‘tkazildi
2021-04-28 | Turizm
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.
“O‘zbekiston Prezidenti tomonidan joriy yilda 1,7 mln. xorijiy, 7,5 mln. mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 mln. dollarga yetkazish vazifasi topshirilgan. Qayd etish kerakki, bu borada eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmidir. Yurtimizda islom diniga oid 784 ziyoratgoh, nasroniylik diniga oid 19 hamda buddaviylikka oid 8 madaniy meros obyekti mavjud. Bu imkoniyatdan foydalanib, joriy yilda 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 mln. dollarlik xizmatlar eksportini taʼminlash mumkin”, - dedi Aziz Abduhakimov.
Shundan so‘ng xalqaro davra suhbati ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishning qonunchilik va institutsional asoslari, yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, O‘zbekistonni Islom sivilizatsiya markazi sifatida targ‘ib qilishning ahamiyati, ziyorat turizmini tashkil etishda logistika masalalari va yangi yo‘nalishlar va COVID–19 pandemiyasi davrida turizm sohasida faoliyat yuritish shartlari kabi mavzularda chiqishlar qilindi.
2021 yilda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etiladigan tadbirlar, Mir Arab madrasasi tashkil etilganligining 500 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ishlari, Termiziy ulamolarning islom tamadduni va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasiga oid anjumanga tayyorgarlik ishlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Bundan tashqari, xalqaro forum doirasida Fransiya, Malayziya, Rossiya, Ozarboyjon kabi xorijiy mamlakatlar mutaxassislari ham so‘zga chiqib, xorij tajribasi hamda O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishga oid fikrlarini bayon etishdi.
Ta’kidlash joizki, 2020-yilning 9-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasiga bag’ishlangan videoselektor yig‘ilishida ziyorat turizmini rivojlantirishga doir vazifalar belgilab berildi.
2021-yilning 9-fevralida Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unda qulay ichki va xalqaro ziyorat turizm muhitini yaratish, yurtimizning ziyorat turizm salohiyatini keng targʻib qilish hamda mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilingan.
Joriy yilda viloyatlar kesimida ziyoratgohlarning targ‘iboti uchun jami 1,1 mlrd so‘m, xorijiy davlatlarda mamlakatimizning ziyorat turizm salohiyatini targʻib qilish uchun 6 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi. Shuningdek, qator yangi mahalliy va xorijiy yoʻnalishlarda aviaparvozlar va temir yoʻl qatnovlarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirildi.
Bundan tashqari, 2020-yildan boshlab COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatdan kelib chiqib, xususiy sektor subyektlariga bir qator imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi