O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi: «Ayollar daftari»ga kiritilgan 433 ming nafarga yaqin xotin-qizdan 135 mingdan ortig‘ining muammolari hal etildi
2021-04-28 | Jamiyat
Kecha Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi, Respublika kengashi raisi Tanzila Norboyeva boshqardi
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, yig‘ilishda oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga amaliy ko‘mak berish, qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzish holatlari va uning salbiy oqibatlarining oldini olish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
«Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinganidan so‘ng tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish instituti joriy qilindi. 2020-yilda 14 774 nafar xotin-qizga himoya orderlari berilgan. Biroq bunday holatlar hanuzgacha uchramoqda. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan «Ayollar daftari» tizimi yaratilib, unga 433 ming nafarga yaqin xotin-qizlar kiritildi. Shu jumladan, ularning 135 mingdan (31 foiz) ortig‘ining muammolari hal etildi.
Yig‘ilishda oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish va oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga amaliy ko‘mak berish yuzasidan ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi», Ishchi guruh tarkibi hamda Media-reja tasdiqlandi.
Qolaversa qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzish holatlari va uning salbiy oqibatlarining oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, hozirgi kunda shaharlarda qarindoshlar o‘rtasida oila qurish holatlari 10 foizni, qishloq joylarida esa 20-25 foizni tashkil etmoqda.
Anjumanda ushbu yo‘nalishdagi muammolarni hal qilish maqsadida «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi.
Mazkur yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilingani taʼkidlandi.
Ayollar huquqlarini himoya qilish maqsadida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va uning hududiy tuzilmalari tomonidan kiritilgan daʼvo arizalari bo‘yicha davlat bojidan ozod qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Yig‘ilishda Xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan media-reja tasdiqlandi.
Respublika kengashining 2021-yil 15-martdagi 1-sonli bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida xotin-qizlarni, shu jumladan nogiron ayollarni fidokorona xizmatlari, mamlakatning salohiyatini oshirishga qo‘shgan hissasi, kuchli irodasi uchun davlat mukofotlari taʼsis etish bo‘yicha Respublika kengashi aʼzolari takliflari asosida “To‘maris” ordenini tashkil etish yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, yil davomida qariyb 9 million xotin-qizlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan, jumladan onkologik kasalliklar aniqlangan bemorlarni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish belgilanganligi qayd etildi.
Turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ilg‘or, yetakchi, bilimli ayollardan iborat 81 ta vazirlik va idoralarda 15 ming 173 nafardan ortiq kadrlar zahirasi shakllantirildi.
Yig‘ilishda «Yil ayoli» milliy tanlovini tashkil etish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom loyihasi tasdiqlandi.
Bundan tashqari tadbirda Kengash tarkibiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov boshqa ishga o‘tganligi sababli Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov Respublika kengashi aʼzosi etib tasdiqlandi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi