O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi

2021-04-28 | Saylov

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi (MSK) Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqladi

Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, MSKning kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi shu masalaga bag‘ishlandi. Majlisda Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi.

Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilda bo‘ladigan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida o‘tkazish uchun saylov komissiyalari aʼzolarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga yangicha yondashiladi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi saylov jarayoni ishtirokchilarining saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ko‘nikma va malakasini, saylov jarayonlari sohasidagi huquqiy bilimini mustahkamlashga yo‘naltirilgan.

Jarayon uch bosqichda ro‘yobga chiqariladi. Birinchi bosqich tashkiliy-uslubiy ishlarni qamrab oladi. Bunda o‘quv rejalari va o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlanadi, trenerlar tarkibi shakllantiriladi, “Saylov2021” mobil ilovasi ishlab chiqiladi. Ikkinchi bosqichda saylov qonunchiligi bo‘yicha trenerlar va saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarning (aʼzolarni) malakasini oshirish va tayyorlash rejalashtirilgan. Uchinchi bosqich saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida ishlash bo‘yicha trenerlar va saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlarni tayyorlashni nazarda tutadi.

Mashg‘ulotlarda zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol usullarga eʼtibor kuchaytirilib, simulyatsiya, saylov jarayonlarini modellashtirish, videodars, videorolik, saylovga oid savol-javoblar, test usullari faol qo‘llaniladi.  

Taʼkidlash joizki, Konsepsiyani ishlab chiqishda YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistonda saylovlarni kuzatish bo‘yicha Missiyasi Yakuniy hisobotida o‘z ifodasini topgan maqbul tavsiyalar hisobga olingan.

Jumladan, saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishda “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qatʼiy amal qilishning, saylovchi shaxsan o‘zi ovoz berishining ahamiyatini keng tushuntirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishda saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, shu jumladan saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibi haqidagi mashg‘ulotlar ham o‘rin olgan.

Keng ko‘lamdagi tushuntirish ishlari saylov jarayoni ishtirokchilarining saylovga oid bilim hamda ko‘nikmalarining oshishi, shuningdek, saylov tizimi va amaliyotining yana-da takomil topishiga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuraturasi akademiyasi, Ichki ishlar akademiyasi o‘rtasida mazkur konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yuzasidan kelishuv imzolandi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться