O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Termizda Al Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir tantanali ochildi
2021-04-11 | Sport
Termiz shahridagi “Alpomish” stadionida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Al Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan XV xalqaro turnirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Surxon vohasiga xos milliy uslub bilan bayramona ruhda bezatilgan stadion ko‘p ming sonli kurash muhlislari, xorijlik mehmonlar bilan to‘la. Chorlov musiqasi yangradi. So‘z O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimovga berildi.
Dunyo ahlida o‘zgacha intilish va katta qiziqish o‘yg‘otayotgan milliy kurashimiz uch ming 500 yillik tarixga ega. Xalqimizning eng qiziqarli, eng jozibador sport o‘yini bo‘lgan kurash o‘z davrining turli sinovlariga duch kelgan. Halollik, mardlik, birdamlik va mehr-oqibat kabi yuksak fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan bu sport o‘yini to‘yu-tomoshalarga, milliy shodiyonalarimizga fayz ulashgan. Ruhan kuch bag‘ishlagan. Biroq, hozirgidek, dunyo ahlini o‘ziga maftun etmagan.
Mamlakatimizda sportni, shu jumladan milliy kurashni qo‘llab-quvvatlab, rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor uni jahon ahlining ajoyib sport o‘yiniga aylantirdi. Bu jarayonda yurtimizda yashab o‘tgan ulug‘ ajdodlarimiz xotirasiga bag‘ishlangan kurash musobaqalarini o‘tkazish ajoyib an’anaga aylandi. Jumladan, Buxoro, Xiva, Shaxrisabz, Termiz kabi shaharlarda tashkil etilgan shu kabi bellashuvlar nafaqat mahalliy balki, xorijlik kurash shinavandalarining ham qiziqishini oshirdi. Bunda Termiz shahrida 18 yildan buyon ikki yilda bir marta o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Al Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro bellashuvning alohida o‘rni bor.
Pandemiya sharoitida o‘tkazilayotgan XV xalqaro turnirda jahonning 27 davlatidan eng mohir sportchilar ishtirok etayotgani, ayni paytda sayyoramizdagi 129 davlatda kurash federatsiyasi faoliyat yuritib, yoshlar o‘rtasida sportning bu turini keng targ‘ib qilayotgani, xorijda ham kurash bilan yaqin do‘st bo‘layotgan yigit-qizlar safi yil sayin kengayib borayotgani bunga yaqqol dalildir.
Prezidentimizning 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda kurash sport turini 2025-yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Shunga asosan uni Yevropa, Afrika va Panamerika qit’aviy o‘yinlari qatoriga rasman kiritish, Xalqaro sport federatsiyalari assotsiatsiyasi e’tirofiga sazovor bo‘lish, shuningdek, Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilgan. Bunday ulug‘vor istak o‘zbek va jahon sportchilarini yagona maqsad – dunyoning insonparvar sport turlaridan biri bo‘lgan kurashni rivojlantirish yo‘lida birlashtirishga qaratilgan.
Tantanali marosimda Bosh vazir o‘rinbosari, Jismoniy tarbiya va sport vaziri A. Abduhakimov o‘zbek kurashini dunyoga tanitishga munosib hissa qo‘shayotgan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon va boshqa xorijlik hamkorlarga chuqur minnatdorlik bildirdi. Dunyo polvonlarini halol kurashishga chorlab, Xalqaro turnirni ochiq, deb e’lon qildi.
Tadbirda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi. El suygan san’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.
Ayni paytda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi yarim final va final bahslari qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV
Manba: O'zA