O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Koreya parlamenti delegatsiyasini qabul qildi
2021-04-06 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni Koreya Respublikasi parlamentining Milliy Assambleya Spikeri Pak Byon Sok boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.
Delegatsiya tarkibida mamlakatimizga spikerdan tashqari Janubiy Koreya parlamentining davlat boshqaruvi, moliyaviy siyosat, sanoat, savdo, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari, madaniyat, sport va turizm kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘mitalariga a’zo 6 nafar deputat ham kelgan.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda parlamentlar muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari faol almashinuvlar davom etayotgani, keng ko‘lamli O‘zbekiston-Koreya hamkorligi jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Joriy yil boshida ikki mamlakat yetakchilarining onlayn-sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Pak Byon Sok samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidentiga Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda global iqtisodiy vaziyat murakkab bo‘lib turgan bir paytda o‘zaro savdo hajmi saqlab qolinishiga erishilayotgani ta’kidlandi. Koreyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod yangi investitsiya loyihalari tayyorlandi. Umuman, Koreya Respublikasining mamlakatimizga investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshdi.
O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda koreyalik sheriklar tomonidan katta amaliy ko‘mak ko‘rsatilgani uchun minnatdorlik bildirildi.
Milliy Assambleya Spikeri va deputatlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi faol sa’y-harakatlar uchun, shuningdek, Seulning Koreya yarim orolidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi harakatlari, Yangi shimoliy siyosatni amalga oshirish doirasidagi mintaqaviy tashabbuslari qat’iy qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun O‘zbekiston Prezidentiga samimiy tashakkur izhor etdilar.
“Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fan va madaniyat, gumanitar almashinuv sohalaridagi qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Manba: O'zA