O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” forumi yigʻilishida ishtirok etdi
2021-03-30 | Siyosat
2021-yilning 30-mart kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Dushanbeda (Tojikiston) boʻlib oʻtgan “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” muloqotining toʻqqizinchi vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi.
Anjumanda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani ham ishtirok etdi.
Forum doirasida Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga yordam berish maqsadida xavfsizlikni taʼminlash hamda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, shuningdek, ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonchni mustahkamlash choralarini kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan muhokamalar boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov nutq soʻzlab, ushbu tadbir Forum kun tartibida belgilangan maqsadlarga erishishda muhim ahamiyatga egaligini taʼkidladi.
“Oʻzbekiston Afgʻonistonning tinch, mustaqil va oʻzini oʻzi taʼminlaydigan davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor, – dedi mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri. – Afgʻoniston zaminida tinchlik mustahkam boʻlsa, bu butun Markaziy Osiyo uchun barqarorlik va farovonlik garovi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Afgʻonistonga nisbatan yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va tenglik tamoyillariga asoslangan doʻstona siyosat yuritmoqda.”
Vazir Afgʻoniston mojarosini siyosiy yoʻl bilan hal etishning muhimligini taʼkidlab, Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyat bilan Afgʻonistondagi infratuzilma va iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi va «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻlini qurishning muhim jihatlarini qayd etdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari forum ishtirokchilarini joriy yil Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qildi.
Tadbir yakuni boʻyicha vazirlarning toʻqqizinchi konferensiyasi deklaratsiyasi qabul qilindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi