O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O’zbekiston teatr san’ati xodimlariga

2021-03-26 | Siyosat

Qadrli do‘stlar!

Madaniyat va san’at sohasining fidoyilari!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali millionlab san’at muxlislarini 27-mart – Xalqaro teatr kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.

Hammamizga yaxshi ma’lumki, inson va jamiyat hayotida, xalqning ma’naviy dunyosini, ongu tafakkurini yuksaltirishda teatr san’atining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy aytganlaridek, teatr haqiqatan ham ibratxona, qutlug‘ tarbiya va ma’rifat maskanidir.

Jahondagi eng ommaviy va ta’sirchan san’at turlaridan biri bo‘lgan teatr asrlar davomida odamlarni insoniylik va ezgulikka chorlab, ularning qalbida olijanob fazilatlar, go‘zal his-tuyg‘ularni kamol toptirishga, jamiyat hayotida tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik, yuksak axloq va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.

Dunyodagi 100 dan ziyod mamlakatda keng nishonlanayotgan mana shu quvonchli bayram kunida bir asrdan ziyod shonli tarixga, ijodiy maktablarga ega bo‘lgan o‘zbek teatr san’ati o‘zining boy an’ana va qadriyatlarini saqlab, zamon bilan hamnafas bo‘lib, izchil rivojlanib kelayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Hayot yo‘llarida uchrab turadigan turli muammo va qiyinchiliklarga qaramasdan, o‘zining sevgan kasbiga, qadrdon sahnasiga hamisha sadoqat ko‘rsatib, ko‘pmillatli xalqimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan siz, azizlarning – ustoz san’atkorlar, taniqli dramaturg va rejissyorlar, sozanda va bastakorlar, yosh aktyorlar, sahna rassomlari va texnik xodimlarning mashaqqatli va fidokorona mehnatingizni har qancha olqishlasak, sizlarga chin qalbdan rahmat aytsak, arziydi, albatta.

Biz sizlarning timsolingizda teatr degan noyob va beqiyos ma’naviy boylikni asrab-avaylab, rivojlantirib, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazib kelayotgan olijanob insonlarni ko‘ramiz.

O’ylaymanki, so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori madaniyat tizimida, jumladan, teatrlarimiz hayotida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirilayotganidan barchangiz xabardorsiz.

Shu borada qabul qilingan qator farmon va qarorlar sohani yanada rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, xalqimiz, birinchi navbatda, yoshlar o‘rtasida teatr san’atiga bo‘lgan qiziqish va e’tiborni kuchaytirishga qaratilgandir.

Kuni kecha “Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida” hamda “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qabul qilingan Prezident qarorlarida ham ana shu masalalarga ustuvor ahamiyat berilganini qayd etish lozim.

Azim poytaxtimiz Toshkent shahrida, barcha hududlarimizda yangi-yangi ilm-fan va madaniyat maskanlari,  zamonaviy teatr va amfiteatrlar barpo etilmoqda, ijodiy jamoalar bilan yirik kompaniya va banklar ishtirokida tuzilgan “do‘stlar klublari” faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ushbu sohaga mehr va havas qo‘ygan yoshlarimizning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun ijodiy tanlov va festivallar o‘tkazilmoqda, yangi ta’lim dargohlari bunyod etilmoqda. Hududlarimizda madaniyat yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarining filiallari ochilmoqda, ularga qabul kvotalari oshirilmoqda, kam ta’minlangan oilalarga mansub iste’dodli qizlarimizga alohida imtiyozlar berilmoqda.

Bu haqda gapirganda, jumladan, Yunus Rajabiy nomidagi O’zbek milliy musiqa san’ati instituti, Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri tashkil etilganini ta’kidlash lozim.

Ana shunday ezgu ishlarimizning davomi sifatida hozirgi vaqtda poytaxtimizda O’zbek Milliy akademik drama teatri uchun eng yuksak zamonaviy xalqaro talablarga to‘la javob beradigan yangi muhtasham bino barpo etish bo‘yicha katta tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilganini sizlarga ma’lum qilish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Hozirgi kunda shiddatli zamon, hayotning o‘zi barchamizning oldimizga o‘ta muhim va murakkab vazifalarni qo‘ymoqda. Xususan, el-yurtimizni turli xavf-xatarlardan asrash, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga ehtirom ruhida barkamol insonlar etib tarbiyalash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash olib borish dolzarb vazifaga aylanmoqda.

Biz bu yo‘lda barcha ijodkor ziyolilarimiz qatori siz, hurmatli san’atkorlarimizning iste’dod va salohiyatingiz, bilim va tajribangiz, ezgu fazilatlaringizga tayanamiz.

Sizlarning yangi O’zbekistonni – inson erkin, ozod va farovon yashaydigan jamiyatni barpo etishda tashabbus va jonbozlik ko‘rsatayotgan yurtdoshlarimizning badiiy yetuk obrazlarini yaratish, ularning fidoyiligi va matonatini mahorat bilan tarannum etish borasidagi ijodiy mehnatingiz va izlanishlaringizni biz bundan buyon ham keng qo‘llab-quvvatlaymiz.

Barcha madaniyat xodimlari kabi teatr san’ati vakillarini ham har tomonlama rag‘batlantirish, ularning mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash davlatimiz va jamiyatimizning doimiy e’tibor markazida bo‘ladi. 

Aziz va muhtaram do‘stlar!

Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom – Xalqaro teatr kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat va ilhom yor bo‘lishini tilayman.

Teatrlarimiz sahnalarida, ijodiy jamoalaringizda mana shunday quvonchli kunlar ko‘p bo‘lsin, xonadonlaringizdan hech qachon tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxt va omad arimasin!

Yuksak hurmat va ehtirom bilan,

 

Shavkat Mirziyoyev,

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться