O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident farmoni bilan 140 nafar fuqaro afv etildi
2021-03-19 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 140 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 4 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 69 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 8 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 59 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 12 nafarini chet el fuqarosi, 9 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxs, 12 nafarini ayol hamda 14 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxs tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Manba: O'zA