O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Nurafshon shahridagi bunyodkorlik loyihalari ko‘rib chiqildi
2021-03-19 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi.
Ma’lumki, 2017-yil Toshkent viloyati markazi Nurafshon shahriga ko‘chirilgan, davlatimiz rahbari 2019-yili bu yerga kelganida zamonaviy majmualar barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
Bu galgi tashrif chog‘ida bajarilgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Davlatimiz rahbariga Nurafshon shahrining Bosh rejasiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Bugungi kunda Toshkent yo‘li kengaytirilib, uning ikki tomonida 42 ob’ekt foydalanishga topshirilgan. Ayni paytda bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. Ilgarigi bir qavatli eski imoratlar o‘rnida 7 va 9 qavatli uylar, ma’muriy binolar, biznes markazlar, mehmonxona, tibbiyot va ta’lim muassasalari, gipermarketlar qurilmoqda.
Toshkent viloyatida madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Prezident maktab va bog‘chalarni qurish bilan birga ta’lim mazmunini boyitish, endi qamrovdan sifatga o‘tish kerakligini ta’kidladi. Aholi kelishiga qulay joyda zamonaviy shifoxona tashkil etib hamda uni klinik baza qilib, malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti