12-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda adliya vaziri R.Davletovning 2020-yilda huquqiy targ‘ibot va ma'rifat sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.
Majlisda Senat a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Adliya vaziri o‘z axborotida huquqiy axborot tayyorlab tarqatilganligi bilan, axborot yetkazish vositalari qay ahvolda degan masala hal qiluvchi bo‘lib qolayotganligini alohida ta'kidladi.
Vazir tomonidan aholi o‘ziga kerakli huquqiy axborotni interten tarmog‘i orqali olayotganligini aytib, jahonda internetdan foydalanish va uning narxlari bo‘yicha ma'lumotlarni keltirdi. Xususan, 1 gb mobil' internet Hindistonda 950 so‘m, Isroil – 1200 so‘m, Qirg‘iziston – 2200 so‘m, Italiya – 4500 so‘m, Ukraina – 4900 so‘m, Qozog‘iston – 4900–5000 so‘m bo‘lsa, O‘zbekistonda (54-o‘rin) 16 000 so‘mni tashkil qiladi.
Shuningdek, vazir tomonidan O‘zbekistonda 34 mln aholiga 19 ta telekanal va 14 ta radiokanal mavjud bo‘lib, ularning 25 foizigina axborot yetkazish bilan shug‘ullanishi, qolganlarida esa ko‘ngilochar mavzular yoritilishi, dunyo davlatlariga nazar tashlansa AQShda 8 000 dan ortiq (aholisi 332 mln), Rossiyada 3 300 ta (146 mln), Buyuk Britaniyada 1 000 dan ortiq (68 mln), Qozog‘istonda 90 dan oshiq, Belarusda 50 ga yaqin, Ukrainada 600 dan ko‘poq telekanal mavjudligi aytib o‘tildi.
Adliya vaziri huquqiy axborni keng aholi qatlamiga yetkazishda bosma OAV va kitoblarning ahamiyati muhimligini, Davlat statistika qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 – 2019 yillar oralig‘ida respublikamizda chop etilgan kitob va broshyuralar birligi qariyb 600 taga, adadi esa 7 mln nusxaga kamayganligi, gazeta va jurnallarning yillik tiraji shu muddatda qariyb 2 baravarga qisqarganligini ta'kidladi. Bu holat esa kitob bozorining yanada kichrayib, sohaning rentabelligi pasayishiga va asta-sekin so‘nib borishiga olib keladi.
Adliya vaziri o‘z axborotida huquqiy ma'lumotlar va axborotlar chop etilgan kitoblar, gazeta va jurnallar joylarga yetib borishi sust darajada ekanligini aytib, rivojlangan pochta xizmatini yo‘lga qo‘yish lozimligini ta'kidladi. Xususan, so‘nggi to‘rt yilda “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan matbuot tarqatish hajmi 3 barobarga kamayib, uning matbuot tarqatishdagi ulushi 13 % tashkil etmoqda. Pochta aloqasi yetkazib berish uchastkalari soni esa 4800 tadan 3571 taga, qishloq joylarda 2893 tadan 2062 taga kamaygan.
Bundan tashqari, adliya vaziri tomonidan bosma, elektron gazeta va jurnallarni va kitoblarni aholining iste'mol savatchasi tarkibiga kiritish masalasini ko‘rib chiqish lozimligini alohida ta'kidlandi.
Vazir o‘z axborida qog‘oz masluhotlarining naxlariga e'tibor berish lozimligiga ham to‘xtalib, qog‘ozning bozor narxi so‘nggi to‘rt yilda bir tonna ofset qog‘oz uchun o‘rtacha 1 000 AQSh dollarini tashkil qilganligi, biroq inflyasiya hisobiga bosma axborot tarqatish narxi qimmatlashib ketayotganligi aytib o‘tildi.
Shunday ekan bizda internet va energiya bilan bog‘liq muammolar borligi sababli aholiga bosma shaklda axborot yetkazish usulidan hozircha voz kechmaslik kerakligi Adliya vaziri tomonidan ta'kidlandi.
Shuningdek, vazir tomonidan targ‘ibot qilishga barcha davlat organi va tashkilotlari birdek mas'ul ekanligini, chunki adliya organlari xodimlari hamma sohalar bo‘yicha universal mutaxassis emasligini aytildi.
Adliya vaziri ayrim davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy targ‘ibot sohasidagi faoliyati qoniqarsiz darajada ekanligiga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, 2020-yil davomida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq jami 52 ta holat sodir bo‘ldi: 39 nafar fuqaro jabrlangan, 61 kishi vafot etgan. Aholi orasida tushuntirish ishlari olib borilganida bunday achinarli holatlar kamaygan bo‘lardi. Bu borada “O‘zdavneftgazinspeksiya” va “O‘zdavenergonazorat”, Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyalarining huquqiy targ‘ibot sohasidagi ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish kerakligi aytildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi