O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Toshkentga keldi
2021-03-11 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bugun, 11-mart kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.
Qirg‘iz Respublikasi O‘zbekistonning strategik sherigidir. Bugun Ko‘ksaroy qarorgohida ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston – Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarining barcha yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
Davlat rahbarlari uchrashuvi kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo, sanoat, transport, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni faollashtirish o‘rin olgan.
Shuningdek, oliy darajadagi muzokaralarda madaniyat, sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iz Prezidentining mamlakatimizga tashrifi doirasida Toshkentda O‘zbekiston – Qirg‘iziston biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Manba: O'zA