O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Pokiston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2021-03-11 | Siyosat
2021-yilning 10-mart kuni Islomobodga amaliy tashrif bilan kelgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan uchrashdi.
Muzokaralar chogʻida koʻp qirrali Oʻzbekiston-Pokiston munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish, uning turini kengaytirish, qoʻshma investitsiya va infratuzilma loyihalarini faol amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Shu maqsadda ikki mamlakat hukumatlari imtiyozli savdo, bank va bojxona hamkorligini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, muntazam parvozlarni tiklash bo'yicha faol ish olib bormoqda.
Tashqi ishlar vazirlari afgʻonlararo muzokaralarni yoʻlga qoʻyish, Afgʻonistonda barqaror tinchlik oʻrnatishga koʻmaklashish uchun xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirish muhimligini qayd etdilar.
Madaniy-gumanitar munosabatlar, shuningdek, turizm sohasidagi oʻzaro aloqalarga alohida eʼtibor qaratildi. Tarixiy, madaniy va maʻnaviy jihatdan mintaqalarimiz va mamlakatlarimiz sivilizatsiyasi oʻzaro manfaatli hamkorlikning ishonchli asosi boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.
Vazirlar BMT, IHT, ShHT, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi harbiy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Pokiston Tashqi ishlar vaziri joriy yil Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilindi..
Turli darajadagi tadbirlar jadvali va ularning tashkiliy jihatlari koʻrib chiqildi
Uchrashuvda tomonlar oʻzlarini qiziqtirgan mintaqaviy va global kun tartibining boshqa masalalari boʻyicha ham fikr almashdi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi