O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida

2021-03-09 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

So‘nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borildi.

Xususan, oxirgi to‘rt yilda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 1 270 dan ortiq loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan 117 milliard so‘m miqdordagi mablag‘lar ajratildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini ta’minlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy baza yanada takomillashtirildi. Buning natijasida 20 ga yaqin qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Hukumatning qarorlari qabul qilindi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari manfaatlarini ifoda etish, davlat bilan ular o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi tashkil qilindi, shuningdek, aholi bilan ochiq muloqot olib borishning yangi samarali vositalarini joriy etish maqsadida davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirish, inson huquqlarini, qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishga munosib hissa qo‘shgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini rag‘batlantirish maqsadida “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi hamda sohaning 126 nafar faollari ushbu yuksak mukofot bilan taqdirlandi.

Ko‘rilayotgan choralar natijasida so‘nggi to‘rt yilda fuqarolik jamiyatining eng asosiy instituti hisoblanadigan nodavlat notijorat tashkilotlari soni 20,7 фоизga oshdi, shu jumladan, 187 ta yirik respublika nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z faoliyatini boshladi.

Shu bilan birga, ushbu ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yaqin va o‘rta muddatli istiqbollarini belgilab olish zarur.

Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligi va faoliyatining samaradorligini oshirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” va “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturlari ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirish;

fuqarolik jamiyati institutlariga ko‘mak berish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yanada takomillashtirish;

davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish;

fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash.

3. Quyidagilar:

2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2021-yilda amalga oshirish “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;

2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (keyingi o‘rinlarda – Maqsadli ko‘rsatkichlar) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki:

a) Konsepsiya har ikki yilda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan alohida tasdiqlanadigan “Yo‘l xaritasi” orqali bosqichma-bosqich amalga oshirib boriladi;

b) Maqsadli ko‘rsatkichlar quyidagilarni nazarda tutadi:

nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar
va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo‘llab-quvvatlash hajmini 2021-yilda kamida 1,2 baрavaрga, 2025-yilda 1,8 baрavaрga oshirish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga 2021-yilda 16 milliard so‘m, 2025-yilda 70 milliard so‘m mablag‘lar ajratish;

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi a’zolari sonini jami faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari soniga nisbatan 2021 yilda 10 фоизga, 2025 yilda 30 фоизga yetkazish;

har bir davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatida fuqarolar tashabbusi bilan tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining sonini (jami jamoatchilik kengashlari tarkiblariga kiritilgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining soniga nisbatan) 2021-yilda 5 фоизga, 2025-yilda 25 фоизga yetkazish;

nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan yuqori turuvchi tashkilotlarga qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan kiritilgan takliflarning umumiy sonini 2021 yilda 1 000 taga, 2025 yilda 5 000 taga yetkazilishini ta’minlash;

mamlakatimizda e’lon qilinadigan yilga oid davlat dasturida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini 2021-yilda 30 taga, 2025-yildagi davlat dasturida – 50 taga yetkazish;

amaldagi jarayonlarni soddalashtirish va profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish orqali nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan sodir qilinayotgan huquqbuzarliklarni (jami 2020-yilda sodir qilingan huquqbuzarliklar soniga nisbatan) 2021-yilda 3,8 фоизga, 2025-yilda 19,2 фоизga kamaytirish;

2021-yilda 50 ta, 2025-yilda 250 ta nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini Davlat boshqaruvi akademiyasida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.

5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2021-yil 1-apreldan boshlab:

Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi va unga ko‘ra har yil yakunlari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ijtimoiy sheriklik darajasi, ajratilgan subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar natijadorligi va boshqa muhim faoliyat ko‘rsatkichlariga asosan ularning reytingi tuziladi;

Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi (keyingi o‘rinlarda – Jamoatchilik palatasi), O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladi va indeks natijalari ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi;

Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksini ishlab chiqish va to‘liq amaliyotga joriy qilish adliya organlariga yuklatiladi.

Adliya vazirligi (M.Ikramov) Jamoatchilik palatasi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (N.Alimov) bilan birgalikda ikki oy muddatda Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksini shakllantirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. Nodavlat notijorat tashkilotlarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalari (komissiyalar) majlislarida ishtirok etuvchi doimiy vakili instituti (keyingi o‘rinlarda – doimiy vakil) joriy etilsin.

Doimiy vakilning asosiy vazifalari etib qonun loyihalari va quyi palataning vakolatlariga kiradigan masalalar bo‘yicha muhokamalar va yig‘ilishlarda ijtimoiy sheriklik, ta’sirchan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy qilish va ularni amaliyotga to‘g‘ri qo‘llash, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va manfaatlarini ifoda qilish belgilansin.

Belgilansinki, doimiy vakil fuqarolik jamiyati rivojiga hissa qo‘shgan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda faollik ko‘rsatgan, el-yurt izzat-hurmatiga sazovor bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari orasidan Jamoatchilik palatasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

7. Belgilansinki:

davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari (keyingi o‘rinlarda – jamoatchilik kengashlari) tarkibining kamida 50 фоизиni nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari tashkil etadi;

jamoatchilik kengashlarining tarkibi Jamoatchilik palatasi
bilan kelishilgandan so‘ng davlat organi rahbarining qarori bilan har 2 yilda tasdiqlanadi;

jamoatchilik kengashlarining umumiy a’zolari soni 15 nafardan kam bo‘lmasligi zarur;

davlat organlarining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi (yoki axborot xizmati) jamoatchilik kengashlarining ishchi organi hisoblanadi, ular faoliyatini tashkiliy-uslubiy va axborot jihatdan ta’minlaydi.

8. Homiylik mablag‘larini markazlashtirilgan holda to‘plash va tarqatish, ularning maqsadli hamda manzilli yo‘naltirilishini monitoring qilish, ushbu jarayonlarni to‘liq avtomatlashtirish va oshkoraligini ta’minlash, shuningdek, xayriya etuvchi o‘z mablag‘ining ishlatilishini kuzatib borish imkonini beruvchi “Shaffof xayriya” yagona interaktiv portali 2021 yil 1 maydan boshlab ishga tushirilsin.

9. Belgilansinki, “Shaffof xayriya” yagona interaktiv portalini ishlab chiqish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Bosh vazir maslahatchisi – Vazirlar Mahkamasining IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O.M.Umarov hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari O.A.Pekos “Shaffof xayriya” yagona interaktiv portalini o‘z vaqtida ishga tushirish, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi bilan integratsiyalash, zarur bo‘lganda, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va kiritish yuzasidan shaxsan mas’ul ekanliklari belgilab qo‘yilsin.

10. 2021-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari” tashkil etilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.Sariyev), Andijon (Sh.Abduraxmonov), Qashqadaryo (Z.Mirzayev), Namangan (Sh.Abdurazakov), Surxondaryo (T.Bobolov), Toshkent (D.Xidoyatov), Farg‘ona (X.Bozarov) viloyatlari va Toshkent shahar (J.Artikxodjayev) hokimliklari:

“Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni foydalanishga topshirsin, shuningdek, ularni zarur ofis anjomlari, mebel, buyumlar, texnika va boshqa vositalar bilan ta’minlasin;

mazkur binolarga yangi tashkil etilgan, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga nodavlat notijorat tashkilotlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, bo‘shab yotgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlari negizida tuman (shahar)larda “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni tashkil etish tavsiya qilinsin.

11. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar mas’ul xodimlaridan iborat bo‘lgan ishchi guruhlari barcha hududlarda bo‘lib, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada kuchaytirish, davlat organlari bilan birga qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, bandlik, ijtimoiy xizmatlar, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xo‘jaligi kabi sohalarda joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari B.A.Musayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda ushbu hududlarda 2021 yilda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular bilan joylardagi dolzarb muammolarning yechimini topish bo‘yicha ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xarita”larini tasdiqlasin, shuningdek, ularning to‘liq va sifatli ijro etilishi yuzasidan doimiy monitoring o‘rnatsin.

12. Oliy Majlis palatalariga Jamoatchilik palatasi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona vertikal tizimini joriy qilish tavsiya etilsin. Bunda, shu jumladan quyidagilar nazarda tutilsin:

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining tashkiliy-huquqiy шaклиni o‘zgartirish;

davlat subsidiyalari, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar berish tartibini soddalashtirish;

ajratilayotgan mablag‘larni ustuvor ravishda ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, bandlik, ijtimoiy xizmatlar, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xo‘jaligi kabi sohalarda muammolarni hal etish uchun ijtimoiy buyurtmalarga yo‘naltirish;

mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, yechimlari bo‘yicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash.

13. Jamoatchilik palatasi:

a) Adliya vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda Jahon xayriya indeksi (The World Giving Index) bo‘yicha O‘zbekistonning dunyodagi yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishini ta’minlasin;

b) Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda:

fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat organlariga borgan holda jamoatchilik nazoratini o‘tkazish amaliyotining tartibini ishlab chiqsin hamda joriy etsin;

jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) Milliy teleradiokompaniya (A.Xadjayev), Xalqaro press-klub (Sh.Kudratxodjayev), Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (F.Abduxalikov) bilan hamkorlikda ushbu farmonning maqsad hamda vazifalarini keng yoritish bo‘yicha chiqishlar va mavzuga oid ko‘rsatuvlarni tashkil etsin.

15. Mazkur farmonning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari B.A.Musayev, adliya vaziri R.Q.Davletov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti               Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 4 mart

Manba: O'zA

Поделиться