O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiya Tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar to‘g‘risida
2021-03-09 | Siyosat
2021-yilning 9-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu bilan uchrashuvi hamda ikki mamlakat TIV rahbarlari boshchiligida Strategik rejalashtirish guruhining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar 2020-yil fevral oyida Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning uchrashuv va muzokaralari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga, xususan, oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlikning tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish va hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.
BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi aloqalarni yanada faollashtirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi ma’lum qilindi.
Ilmiy-ta’lim sohasidagi sheriklikni kengaytirish masalalariga, jumladan, O‘zbekistonda Baxcheshehir universiteti filialini ochish, shuningdek Xo‘ja Bayram Vali nomidagi universitet bilan birgalikda Farg‘ona oliy turizm maktabini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Turkiya tomoni “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya, “Sharq taronalari”, baxshichilik san’ati, hunarmandlar xalqaro festivallari va boshqa tadbirlarga taklif qilindi.
Shuningdek, tadbirda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari ham ko‘rib chiqildi.
* * *
Strategik rejalashtirish guruhi yig‘ilishi yakunlangach, ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi va Tarjima xizmatlari sohasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi