O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li boshchiligidagi delegatsiya Xiva, Buxoro va Samarqandda bo‘ldi (fotojamlanma)
2021-03-09 | Turizm
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurib, Xiva, Buxoro hamda Samarqand shaharlarida bo‘ldi.
Xiva
6-mart kuni Xiva shahriga tashrif buyurgan turkiyalik mehmonlar tantanali ravishda kutib olindi. Turkiya delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari - Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduxakimov, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov hamrohlik qildi. Ochiq osmon ostidagi muzey shahar hisoblangan Xivadagi "Ichan Qalʼa" majmuasida ular uchun madaniy tadbirlar tashkil etilib, Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatri jamoasining “58-Xon” teatrlashtirilgan tomoshasi namoyish etildi. Sahna asari hamda asrlar osha ilmu maʼrifat maskani bo‘lgan tarixiy obidalar mehmonlarda katta taassurotlar qoldirdi.
Taʼkidlash joizki, Turkiya bilan hamkorlikda ishlangan "Mendirman Jaloliddin" tarixiy seriali namoyishidan so‘ng turkiyalik qardoshlarimizda Xiva xonligi va voha tarixiga katta qiziqish uyg‘ongani mehmonlar tomonidan alohida eʼtirof etildi.
Buxoro
Shundan so‘ng Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li boshchiligidagi delegatsiya Buxoroga tashrif buyurdi.
Bu yerda mehmonlar Poyi Kalon majmuasi, Mir Arab madrasasi, Labi Hovuz kompleksi kabi qator diqqatga sazovor maskanlarda bo‘lishdi. Ular mahalliy hunarmandlar bilan uchrashib, ularning milliy mahsulotlari bilan yaqindan tanishishdi. Bundan tashqari, Ark qo‘rg‘onida teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari turkiyalik mehmonlar eʼtiboriga havola etildi.
Samarqand
7-mart kuni Turkiya delegatsiyasi vakillari Samarqandga kelishdi va bu yerda Turkiya Respublikasining bosh konsulxonasi ochilishida ishtirok etishdi. Konsulxonaning ochilish marosimida Turkiya TIV rahbari Mevlut Chavusho‘g‘li, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov qatnashdi.
Samarqand shahrida Turkiya Bosh konsulxonasining ochilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Diplomatik vakolatxonaning aynan 2021 yilda ochilishi esa O‘zbekiston mustaqilligining 30 yillik bayramiga o‘ziga xos tuhfadir. Shu bilan birga, Bosh konsulxona ikki mamlakat o‘rtasida madaniy-gumanitar, turizm sohalarida hamkorlikni kuchaytirish va hududlararo aloqalarning rivojlanishiga ijobiy turtki beradi.
Taʼkidlash lozimki, 2018-yilda tarixida ilk bor “Istanbul-Samarqand” yo‘nalishidagi aviaparvozlar yo‘lga qo‘yilgan edi. Pandemiya sababli qo‘yilgan cheklovlar doirasida vaqtincha to‘xtatilgan bu reys yaqin vaqtlarda qayta ochiladi.
Turk xalqida Imom Al-Buxoriy, Imom Al-Moturudiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek buyuk allomalarimiz bo‘lgan qiziqish juda katta, bu qardosh mamlakatdan tarixiy shaharlarimizga ziyorat maqsadida kelayotgan sayyohlar soni tobora ortmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar ikki davlat rahbarlari – Shavkat Miromonovich Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an boshchiligida misli ko‘rilmagan tarzda mustahkamlanib, sifat jihatidan mutlaqo yangi pog‘onaga - strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga tashrifi bu aloqalarni yana-da mustahkamlashiga ishonchimiz komil.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi