O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekistonda za'faron (shafran) noyob o‘simligining plantasiyalari ko‘paytiriladi

2021-03-01 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 1-mart kuni Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi “Uzunbuloq” QFY hududida za'faron o‘simligini yetishtirish hamda plantasiyalarini tashkil etish, ularni sanoat usulida qayta ishlashning samarali tizimini joriy etish, shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish maqsadida BMB-OPERA ZAFFERANO O‘zbekiston-Italiya qo‘shma korxonasi faoliyati misolida ko‘rgazmali amaliy seminar tashkil etildi.

Mazkur seminarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari rahbarlari hamda mutasaddi vakillar ishtirok etishdi.
 
 
Tadbirda za'faron o‘simligi oziq-ovqat, farmasevtika va parfyumeriya sanoati uchun qimmatbaho xomashyo ekanligi, hozirgi kunda respublika bo‘yicha jami 159,3 ga yer maydonlarida, shu jumladan O‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi yer maydonlarda 97,3 ga, qishloq xo‘jaligi tasarrufidagi yer maydonlarda esa 62,0 ga maydonda za'faron plantasiyalari tashkil etilganligi bildirildi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2017-yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatidagi tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishida “Respublikamizda za'faron plantasiyalarini barpo etish, farmasevtika sanoati ehtiyojlarini ta'minlash va eksportbop dorivor o‘simliklarni ko‘paytirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” bayonining 21-bandiga asosan “Za'faron ilmiy tadqiqot markazi” MChJ tashkil etilib, shu yilning o‘zida Gollandiyaning “Mts Shipper” kompaniyasidan 36,4 tonna 9-10 kolibrli za'faron tuganak piyozlari O‘zbekistonga import qilindi.
 
-1 gektar plantasiyadan birinchi yilda 2 kg, ikkinchi yilda 4 kg, uchinchi yildan boshlab 6-8 kg gacha za'faron guli xom ashyosi terib olish mumkin. Bir kilogramm quritilgan za'faron guli xom ashyosini tayyorlash uchun 150 mingdan ortiq gullari terib olinishi kerak. 1 dona za'faron gulidan o‘rtacha 7 mg quritilgan ziravor olinadi, deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Dorivor va ziravor o‘simliklarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedjonova. -Za'faron yurtimiz tuproq-iqlim sharoitiga to‘liq mos bo‘lib, uni Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarining tog‘ va tog‘oldi hududlarida, bog‘ va tokzorlar qator oralarida, o‘rmon hududlarida yetishtirish imkoniyati mavjud.
 
Olib kelingan za'faron tuganak piyozlari Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Andijon viloyatining Izboskan tumanlarida 36,4 ga yer maydonida ekilib, 2018 yilda tashkil etilgan plantasiyalardan 22,7 kg za'faron guli xomashyosi olindi.
 
Qayd etilganidek, respublikamizning Zomin, Bo‘stonliq, Urgut, Kitob, Shaxrisabz va Chortoq kabi tog‘oldi tumanlarining har birida 50 gektardan za'faron plantasiyalarini barpo etish vazifasi qo‘yildi.
 
2017-2020 yillar davomida za'faron yetishtirish uchun eng yaxshi sifat ko‘rsatkichlari Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, hamda Farg‘ona viloyatlarining tog‘li hududlarida qayd etilgan bo‘lib, ushbu hududlarda katta plantasiyalarda yetishtirish kun sayin ortib bormoqda. Buning natijasida yuqori qiymatga ega bo‘lgan eksportbop mahsulot yetishtirish bilan bir qatorda, ushbu viloyatlarning chekka hududlarida minglab mavsumiy yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining daromad manbaini kengaytirish imkonini beradi.
 
Ko‘rgazmali seminarda respublikaning tog‘oldi hududlarida mazkur noyob o‘simlik plantasiyalarini yaratish hamda kengaytirish orqali eksportbop maxsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, aholining daromad manbaini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
 
Za'faron o‘simligi haqida ma'lumot
 
Bu o‘simlikni yetishtirish va xomashyoni terib olish faqat qo‘l mehnati bilan amalga oshirilgani uchun juda qimmatbaho hisoblanadi. Bugungi kunda za'faron Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya kabi o‘n beshdan ortiq mamlakatda yetishtiriladi.
 
O‘zR FA tizimidagi Botanika instituti va “Za'faron ilmiy-tadqiqot markazi” MChJ olimlari tomonidan amalga oshirilgan ilmiy izlanishlari asosida O‘zbekiston sharoitida za'faron avgust oyining ikkinchi dekadasida ekiladi. Buning uchun tanlangan yer maydonlari traktor yordamida tekislanib, 60 sm kenglikdagi qatorlar tortiladi, 9-10 kolibrli tuganak piyozlar bir-biridan 18-19 sm uzoqlikda, 7-15 sm chuqurlikda ekiladi. Bunda, 1 gektar maydonga o‘rtacha 1000 kg yoki 90 ming dona saralangan tuganak piyoz sarflanadi. Ekilgandan so‘ng piyozlar tuproqqa o‘rnashib olishi uchun zaxlatib sug‘oriladi.
 
Ekilgan yilning oktyabr-noyabr' oylariga kelib, za'faron gullari yig‘ishtirib olinadi. Eng muhim va katta mehnat talab qilinadigan jarayonlardan biri shundaki, yig‘ishtirib olingan gullardan shu kunning o‘zida zudlik bilan urug‘chilari ajratib olinadi, aks holda qurigan guldan urug‘chasini ajratib olish qiyin bo‘ladi.
 
Tashkil etilgan za'faron plantasiyalari kelgusi yillar davomida, har bahor va kuz mavsumlarida begana o‘tlardan tozalanadi va yerlari yumshatiladi, avgust oyida mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Поделиться