O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ichki sayohatlarga 50 foizgacha subsidiyalar berish tartibi va joylashtirish vositalaridan undiriladigan mahalliy turistik yig‘imning miqdori tasdiqlandi
2021-03-01 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021-yil 9-fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida belgilangan imtiyoz va subsidiyalardan foydalanish tartibi hamda joylashtirish vositalaridan undiriladigan mahalliy turistik yig‘imning miqdori tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, yangi joriy etilayotgan aviaqatnovlarga chiptalar 25 foiz arzon sotilib, ushbu chipta turoperatorlar orqali xarid qilinsa yana 15 foiz va umumiy 40 foiz chegirma taqdim etiladi. Shuningdek, turoperatorlar orqali xarid qilingan temiryo‘l chiptalariga 15 foiz, mehmonxona xizmatlariga 10 foiz qo‘shimcha chegirmalar berilishi belgilab berildi.
Ma’lumot uchun: “Farg‘ona vodiysidan qadimiy Xiva shahriga sayohat” turpaketini 5 kishidan iborat bir oila 6,6 mln so‘mga (avia va mehmonxona xizmati) xarid qilganda turoperatorlar tomonidan davlat subsidiyasi hisobiga fuqarolarimizga 2 mln so‘m chegirmalar berilib, 4,6 mln so‘mni tashkil etadi.
Bunda, subsidiyalanadigan avia va temir yo‘l yo‘nalishlari, shuningdek, aviachipta hamda joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari narxlarining subsidiyaladigan eng yuqori (cheklangan) darajasi (summasi) Maxsus komissiya tomonidan belgilanadi.
Joylashtirish vositalaridan undiriladigan mahalliy turistik (mehmonxona) yig‘imning yashalgan kun uchun miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 0,4 foizi yoki bor yo‘g‘i 980 so‘mni tashkil etadi.
Mazkur yig‘im joylashtirish vositalarining soliq solinadigan bazasiga kiritilmaydi hamda ichki sayohatlarni rag‘batlantirishga qaratilgan targ‘ibot, tashviqot va reklama tadbirlariga, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.
Shuningdek, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida:
ish beruvchining turistik yo‘llanmalarni sotib olish xarajatlari xodimning daromadi sifatida ko‘rib chiqilmaydi hamda yuridik shaxsdan olinadigan foyda solig‘ini hisoblab chiqishda chegirib qolinadi;
jismoniy shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlari turistik yo‘llanmalarni sotib olishga yo‘naltirilgan xarajatlar summasiga kamaytiriladi.
Ta’kidlash joizki, 2020-yilda joriy etilgan soliq imtiyozlari 2021-yil oxiriga qadar uzaytirildi.
Birgina 2020-yilning o‘zida sohadagi tadbirkorlar:
26 mlrd so‘mlik yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilindi;
foyda solig‘i 50 foizga yoki 10 mlrd so‘mga kamaytirildi;
ijtimoiy to‘lovlar 12 foizdan 1 foizga tushurildi;
241 ta tadbirkorning 4 mingdan ortiq ishchi xodimlarini saqlab turish uchun foizsiz 16,1 mlrd so‘m ssudalar taqdim qilindi;
120 ta joylashtirish vositalariga har bir mehmon uchun mehmonxona xizmatlari narxining 10 foizi miqdorida yoki qariyb 2 mlrd so‘m qo‘shimcha subsidiya berildi;
olingan kredit to‘lovlari to‘xtatib turildi va ularning foizlarining bir qismi davlat jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.
Yuqorida keltirilgan imtiyoz va preferensiyalardan samarali foydalangan holda turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari ichki turizm oqimlarini qayta shakllantirish ustida jadal hamkorlikda ishlarni tashkil etish lozim hisoblanadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi