O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat boshqaruviga inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullari joriy etiladi
2021-03-01 | Jamiyat
Eslatib o'tamiz, Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish Strategiyasini ishlab chiqishda xalqaro ekspertlar fikrini o'rganish ham rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohot va yangilanishlarning samarali va natijador boʻlishi davlat xizmatchilaridan yuqori tajriba, bilim va koʻnikma talab etmoqda. Oʻz navbatida, ular faoliyatini tartibga soluvchi strategik vazifalar aks etgan hujjat mavjudligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan malakali, masʼuliyatli, zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor kadrlarni jamlash va ular salohiyatidan unumli foydalanish, davlat boshqaruvi tizimida davlat fuqarolik xizmatini har tomonlama rivojlantirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyat samaradorligini oshirish orqali keng koʻlamli va tarkibiy islohotlarni amalga oshirish maqsadida Davlat fuqarolik xizmatini 2030-yilgacha rivojlantirish Strategiyasini ishlab chiqish ishlari boshlandi.
Joriy yilning 25-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Strategiya loyihasining dastlabki holatini manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, mutaxassislar, mahalliy ekspert va olimlar ishtirokida muhokama qilish maqsadida seminar tashkil etildi.
Seminarda davlat fuqarolik xizmati samarali tizimini shakllantirishga qaratilgan qonunchilik bazasini takomillashtirish, davlat boshqaruviga inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etish mexanizmlarini belgilash lozimligi muhokama qilindi.
Tadbir avvalida agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari O.Xasanov aslida ushbu strategiyaning zarurati haqida toʻxtalgan boʻlsa, agentlik departament mudiri A.Tamiqayev strategiya oʻz ichiga qanday masalalarni qamrab olishi kutilayotgani, loyihaning ilk koʻrinishida aks etgan masalalar haqida qisqacha taqdimot orqali yigʻilganlarga maʼlumot berib oʻtdi.
Shundan soʻng davlat xizmati sohasida faoliyat yuritayotgan bir qator olimlar, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, mustaqil izlanuvchilar va onlayn tarzda qatnashgan mutaxassislar Strategiya loyihasiga fikr va mulohazalar bildirdilar.
Strategiya loyihasini yana-da takomillashtirishda mazkur takliflar ham inobatga olinishi agentlik mutaxassislari tomonidan alohida qayd etildi.
Eslatib oʻtamiz, Davlat fuqarolik xizmatini 2030-yilgacha rivojlantirish Strategiyasini ishlab chiqishda xalqaro ekspertlar fikrini oʻrganish ham rejalashtirilgan.
Manba: «Yangi O"zbekiston»