O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Turkiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2021-02-26 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 26-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Turkiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Mehmet Sureyya Er bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 

Uchrashuv O‘zbekiston – Turkiya ko‘p qirrali hamkorligining joriy holatini, qo‘shma loyihalar va tashabbuslar amalga oshirilishini hamda ikki tomonlama sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha istiqbolli chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag‘ishlandi.
 
Turkiya investor doiralarining O‘zbekiston bozoridagi faoliyati jadallashgani qayd etildi: 2019 – 2020 yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan turk investitsiyalarining umumiy hajmi qariyb 950 mln dollarni tashkil etdi hamda turk kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki baravar ko‘payib, 1576 taga yetdi. Tomonlar o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalari sonini ko‘paytirish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha munosabatlarni faollashtirishga kelishib oldi.
 
Hamkorlikni kengaytirish uchun savdo sohasida ulkan imkoniyatlar belgilandi - 2025 yilgacha tovar aylanmasi hajmini 5 mlrd dollargacha yetkazish bo‘yicha qo‘shma amaliy chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishga o‘zaro sodiqlik bildirildi.
 
Texnik yordam sohasidagi hamkorlik rivojlanishining ijobiy dinamikasi ham ta'kidlandi. Xususan, so‘nggi uch yil ichida Turkiyadan jalb qilingan grant mablag‘lari hajmi 26 mln dollarni tashkil etdi va bu 150 ga yaqin dastur va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga imkon berdi. Umuman olganda, diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TICA) ko‘magida qishloq xo‘jaligi, kichik va o‘rta biznes, sog‘liqni saqlash va ta'lim kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 800 dan ortiq loyihalar hayotga joriy etildi. Tomonlar ushbu sohalardagi o‘zaro aloqalarni tizimlashtirish va kengaytirish zarurligini ta'kidladilar, ustuvor yo‘nalishlarda texnik hamkorlik bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqishga kelishdilar.
 
Bundan tashqari, kun tartibi doirasida joriy yilning may oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 6-yig‘ilishini o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator tashkiliy masalalar muhokama qilindi.
 
Muloqot doirasida tomonlar Turkiya Respublikasining Samarqand shahrida Bosh konsulxonasining ochilishini yuqori baholadilar va ushbu qadam ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniyat, turizm va mintaqalararo sheriklik sohasidagi munosabatlarni rivojlantirishga sezilarli turtki beradi, degan yakdil fikr bildirdilar. Shuningdek, O‘zbekistonda o‘zbek-turk universitetining ochilishi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishning muhim bosqichi bo‘lgani qayd etildi. Ushbu universitet konsepsiyasini va boshqa bir qator tashkiliy masalalarni kelishish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha sa'y-harakatlarni birlashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
 
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tomoni M.Sureyya Erga O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться