O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindiston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2021-02-25 | Siyosat
2021-yilning 25-fevral kuni Nyu-Dehli shahriga amaliy tashrif bilan kelgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida Oʻzbekiston-Hindiston koʻp qirrali munosabatlarining holati va rivojlanish istiqbollari, xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi oʻzaro aloqalarning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar 2020-yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan onlayn-sammit davomida erishilgan kelishuvlar ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga imkon berganligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida yangi zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratishga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish hamda ijtimoiy va infratuzilma ahamiyatiga ega loyihalarni amalga oshirish yoʻllari koʻrib chiqildi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari BMT, ShHT va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi oʻzaro aloqalar, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash masalalari boʻyicha fikr almashdi.
Afgʻoniston ishtirokidagi “Hindiston – Markaziy Osiyo” vazirlar muloqotining mintaqalararo hamkorlikni jadallashtirish, uning mexanizmlarini takomillashtirish hamda Afgʻonistonda barqaror tinchlikni oʻrnatishdagi muhim ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Hindiston tomoni joriy yil Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilindi.
Muloqot davomida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi