O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar Namangan viloyatiga hokimni tasdiqladi
2021-02-19 | Siyosat
Namangan shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.
- Xabarlaring bor, Namangan viloyatining avvalgi hokimi Xayrulla Bozorov islohotlarimizni amalga oshirish bo‘yicha ko‘p ishlar qildi. Bu yerda olingan saboq va tajribani ikkinchi viloyatda ham qo‘llash, odamlarning birini ikki qilish uchun uni Farg‘ona viloyatiga hokim qildik. Endi Namangan viloyatiga yangi hokim tayinlash masalasini ko‘rib chiqishimiz kerak. Namanganning bugungi rivojiga munosib, uddaburron, xalqparvar, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlaydigan odamni rahbar qilib saylashimiz kerak, - dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari hokimlarni tayyorlash va tayinlash mas’uliyati haqida gapirdi.
- Hayot shundayki, men har bir viloyatga rahbar bo‘la oladigan odamni to‘rt-besh yil oldin tayyorlashga majburman. Shavkat Abdurazoqov Namangan tumani, Namangan shahrida hokim bo‘lgan, Vazirlar Mahkamasida departament mudiri, vazir bo‘lib ishlagan. Namanganning sharoitini, xalqning dardini, Toshkentdagi kabinetlar eshigini qanday ochishni, masalani qanday hal qilishni biladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari 2020-yil sentabr oyidan buyon Namangan viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Shavkat Shokirjonovich Abdurazoqov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.
Sh.Abdurazoqov 1976-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Viloyat hokimligi, davlat mulki boshqarmasi, Vazirlar Mahkamasida mas’ul lavozimlarda ishlagan. Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
Xalq deputatlari, nuroniylar, ayollar, yoshlar so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Shavkat Abdurazoqov Namangan viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti