O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston BMTning bojxona va transport boshqaruvi sohasidagi nufuzli organiga birinchi marta saylandi

2021-02-19 | Iqtisodiyot

Jenevada Xalqaro yo‘llarda tashish (XYT) kitobchasini qo‘llagan holda yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi bojxona Konvensiyasi (1975y.) Ijroiya kengashiga saylov bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor BMTning bojxona va transport boshqaruvi sohasidagi ushbu nufuzli organi tarkibiga saylandi.

“Dunyo” axborot agentligi muxbiri O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov bilan ushbu voqeaning respublikamiz uchun ahamiyati haqida suhbatlashdi. 

– Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari oldida mintaqaning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyalashuvini taʼminlashdek muhim strategik vazifa turganini taʼkidladi, - dedi diplomat. – O‘zbekistonda so‘nggi to‘rt yilda milliy iqtisodiyotni erkinlashtirish va modernizatsiyalash, uning barqaror rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Hech kimga sir emaski, dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan har qanday davlat iqtisodiyotini ravnaq toptirishning harakatlantiruvchi kuchi transport va tranzit salohiyatini rivojlantirish hisoblanadi.

2018-2022 yillarda transport infratuzilmasini takomillashtirish va yuk tashishning tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash kompleks dasturiga ko‘ra, barcha xorijiy sheriklar bilan transport va tranzit sohasida o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish respublika tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

O‘zbekiston bojxona sohasida ilg‘or islohotlar amalga oshirilganini taʼkidlashni istardim. Xususan, chegarada bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartiblari sezilarli darajada soddalashtirildi, bu esa tadbirkorlikni rivojlantirish hamda respublika va umuman mintaqada xalqaro biznes operatsiyalarini faollashtirish uchun qo‘shimcha turtki bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bojxona boshqaruvi sohasidagi yana bir muvaffaqiyat – 2020 yil noyabr oyida Markaziy Osiyoda ilk bor amalga oshirilgan “ye-TIR” pilot loyihasi – TIR-karnet kitobchalari asosida xalqaro yuk tashuvlarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani bo‘ldi. Ushbu loyiha O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona organlari va qarorgohi Jenevada joylashgan Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi o‘rtasida yaqin hamkorlikda hayotga tadbiq etildi.

O‘zbekistonning Jenevadagi diplomatik missiyasi transport sohasidagi hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratib, respublikamizning ko‘p tomonlama iqtisodiy tuzilmalar, jumladan, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YEIK) doirasidagi ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

O‘zbekistonning XYT Ijroiya kengashiga aʼzo bo‘lishi davlatimiz rahbari tomonidan xalqaro transport va tranzit hamkorligi sohasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish va savdo yo‘lidagi to‘siqlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

1975 yil noyabr oyida BMT YEIK shafeligida qabul qilingan XYT Konvensiyasi xalqaro transport sohasidagi eng samarali huquqiy hujjatlaridan biri va hozircha o‘ziga xos yagona global bojxona tranzit tizimi hisoblanadi.

XYT Konvensiyasining asosiy g‘oya va tamoyillari nafaqat Yevropa va Osiyo, balki Afrika va Lotin Amerikasi kabi mintaqalarda ham xalqaro yuk tashuvlarini osonlashtirishga qaratilgan.

O‘zbekiston 1995-yildan buyon 77 ta davlat aʼzo bo‘lgan mazkur Konvensiyaning faol ishtirokchisi bo‘lib kelmoqda.

XYT Ijroiya kengashi XYT kitobchasini qo‘llagan holda yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi bojxona Konvensiyasining muhim instituti hisoblanib, mazkur muassasa Konvensiya shartlariga rioya qilinishi, shu jumladan, kafolat tizimining taʼminlanishini nazorat qiladi hamda Konvensiya Maʼmuriy qo‘mitasi tomonidan unga yuklatilgan vazifalarni bajaradi.

XYT Ijroiya kengashi tarkibi 9 aʼzodan iborat. Ular tashkilotga aʼzo davlatlarning ko‘pchilik ovozi bilan saylanadi. Kengashga saylovda 11 ta davlat o‘z nomzodini qo‘ydi va 57 ta davlat ovoz berdi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston, Rossiya, Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Italiya, YEI, Avstriya va Niderlandiya 2021-2022 yillarga XYT Ijroiya kengashi aʼzoligiga saylandi. Mazkur kengash tarkibiga O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi bojxona nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qobulov mamlakatimiz nomidan kiritildi.

Shunday qilib, bundan buyon O‘zbekiston XYT Ijroiya kengashi aʼzosi sifatida XYT Konvensiyasi kun tartibini belgilash, qo‘llash, shuningdek kafolatlar tizimi faoliyatini monitoring qilish jarayonida bevosita ishtirok etadi. Yana shuni alohida taʼkidlash lozimki, Konvensiyaga aʼzo barcha mamlakatlar va uning institutlari oldida turgan dolzarb masalalardan biri XYT tizimini raqamlashtirish jarayonini tezlashtirishdan iborat.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston XYT Konvensiyasining 2020-yil fevral oyida qabul qilingan 11-ilovasini amalga oshirilishida faol qatnashadi. Bu esa xalqaro yo‘l transportida elektron XYT kitobchalaridan foydalanishga o‘tishning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi.

Поделиться