O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati hududiy statistika idoralarining faoliyatini o‘rganish maqsadida Namangan viloyatiga bordi
2021-02-18 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 16–18- fevral kunlari Davlat statistika qo‘mitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich va Davlat statistika qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ziyayev Zoxidjon Muratovich hududiy statistika idoralarining faoliyatini o‘rganish maqsadida Namangan viloyatiga tashrif buyurishdi.
Dastlab, viloyat statistika boshqarmasi bo‘limlarining ish faoliyati bilan yaqindan tanishib, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4796 sonli qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini o‘z vaqtida sifatli va to‘g‘ri bajarish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, 1-KB yillik - “Mikrofirma va kichik korxonaning 2020- yil uchun hisoboti” va 1-FX yillik - “Fermer xo‘jaligi faoliyati to‘g‘risida 2020- yil uchun hisoboti”ning o‘z vaqtida sifatli qabul qilish samaradorligini oshirish yuzasidan alohida ko‘rsatmalar berildi.
Namangan viloyati tuman va shaharlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatiga oid shakllantirilgan statistik ko‘rsatkichlar masalasi muhokama qilindi. Chust, To‘raqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on tuman statistika bo‘limlari tomonidan tayyorlangan ma'lumotlar ko‘rib chiqildi. Qo‘mita raisi xodimlarga hududning ijtimoy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini shakllantirish va tahlil qilish jarayonida e'tibor berilishi lozim bo‘lgan jihatlar bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berdi. Tuman va shaharlarning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini ifodalovchi jadvallarni o‘z muddatida yangilab borilishi ta'kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017- yil 19- oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlari hay'atlarining faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 855-sonli qarorida nazarda tutilganidek, Davlat statistika qo‘mitasining 2020- yil yakuni reytingiga ko‘ra, Namangan viloyati statistika boshqarmasi birinchi o‘rinni egalladi. Shundan kelib chiqib, Davlat statistika qo‘mitasi tizimida o‘zining bor kuch-salohiyati, bilim va tajribasi, tashabbus va mehnatini ayamay, fidokorona mehnat qilib soha rivojlanishiga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun Namangan viloyati statistika boshqarmasi hamda tuman va shahar statistika bo‘limlarining 15 nafar faol xodimlari rag‘batlantirilib, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari berildi.
Qo‘mita rahbari Namangan viloyatiga tashrifi davomida 2023- yilda yurtimizda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayoni, jamoatchilikka qilinayotgan targ‘ibot ishlari bilan tanishib, faollikni yanada oshirish, puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha taklif va topshiriqlar berdi.
Namangan viloyatiga tashrif davomida qo‘mita raisi Chust, Namangan, Chortoq tumanlari va Namangan shahridagi markaziy dehqon bozorida alohida turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini kuzatib, dehqon bozoridagi sotuvchi va tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
O‘z navbatida, qo‘mita raisi Namangan viloyati statistika boshqarmasi Narx kuzatuvi bo‘limi xodimlariga hududiy markaziy dehqon bozorlarida, alohida turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining minimal-maksimal narxlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni shakllantirishda va boshqa statistik kuzatuvlarni olib borishda planshetlardan foydalanish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi