O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Budapeshtda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi investitsiya, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi
2021-02-18 | Iqtisodiyot
Kecha Budapeshtda O‘zbekiston O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlum qilishicha, tadbirda O‘zbekiston – Vengriya ko‘p qirrali hamkorligining dolzarb jihatlari, erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi, shuningdek, bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlikning joriy holati muhokama qilindi.
Taʼkidlandiki, pandemiyaning jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsiriga qaramay, Vengriya va O‘zbekiston iqtisodiy sheriklik ko‘rsatkichlaridagi o‘sishning ijobiy dinamikasini saqlab qola oldi. Shu bilan birga, tomonlar hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini qamrab olish orqali investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy munosabatlarni izchil kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, kimyo, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalari sonini oshirishning shart-sharoitlari ko‘rib chiqildi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari hamda tegishli vazirlik, idora va salohiyatli hamkorlar tomonidan qator yangi istiqbolli loyihalarni har taraflama o‘rganishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston – Vengriya Ishbilarmonlik kengashining tashkil etilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi biznes - muloqotini mustahkamlashga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi. Tomonlar O‘zbekistonda vengriyalik tadbirkorlarning investitsiyaviy ishtirokini kengaytirish uchun ushbu platformaning imkoniyatlari va vositalaridan faol foydalanish niyatida ekanliklarini qayd etdi.
Muloqot davomida Vengriya tomoni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishi, “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiar mamlakati maqomini olishi hamda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash masalalarida faol yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, har ikki mamlakat manfaatdor bo‘lgan loyihalar va tashabbuslarni ilgari surishni nazarda tutgan holda, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi platformasi doirasida hamkorlik qilishning keng istiqbollari belgilab olindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida amalda bo‘lgan kelishuvlarni hamda O‘zbekiston delegatsiyasining Vengriyaga mazkur tashrifi davomida erishilgan yangi kelishuvlarni muhokama qilish va o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha muntazam muloqotni davom ettirish yuzasidan yakdil fikrga keldilar. Tomonlar O‘zbekiston – Vengriya Ishlarmonlik kengashining 1-yig‘ilishi, Mintaqalararo forum hamda ikki mamlakat Rektorlari forumi kabi qator qo‘shma tadbirlar o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amaliy tadbirlarni kelishib oldi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi