O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MDH shtab-kvartirasida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi va «Mahbubul qulub» asarining belarus tilidagi kitobining taqdimoti o‘tkazildi
2021-02-17 | MDH
MDH Ijroiya qo‘mitasida (Minsk shahrida) buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri, jamoat va davlat arbobi Alisher Navoiyning 580 yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«MDH yangiliklari» portali maʼlumotiga ko‘ra, anjuman O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi, Belarus Prezidenti kutubxonasi va MDH Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi. Tadbir doirasida Alisher Navoiyning «Mahbubul qulub» asarining belarus tilida chop etilgan kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Adabiy kechada MDH Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Beketjan Jumaxanov Sharq Uyg‘onish davrining taniqli vakili Alisher Navoiyning tavallud sanasi butun Hamdo‘stlik uchun muhim voqea ekanini, uning merosi turli sivilizatsiyalarni birlashtirib turganini taʼkidladi. MDH bu kabi tadbirlarga katta ahamiyat berishi, ular o‘ziga xos harakatlantiruvchi kuch, tarixiy xotirani saqlash va maʼnaviy merosni ommalashtirishning muhim omili bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi maslahatchisi Doniyor Obidov Alisher Navoiyning bebaho merosi va uning yubileyini nishonlashning o‘zbek xalqi uchun ahamiyati to‘g‘risida so‘zladi. Xususan, u so‘nggi yillarda Alisher Navoiy ijodini chuqur o‘rganish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini taʼkidladi. O‘zbekistonda Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi tashkil etildi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq buyuk ajdodimizning 580 yilligi mamlakat va xorijda keng nishonlanmoqda.
Tadbir davomida Belarus Milliy Majlisining Xalqaro ishlar va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy qo‘mitasi raisi Sergey Rachkov, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov, «Mahbubul qulub» asarining belarus tiliga tarjimoni, Belarus Imomlar kengashi raisi Dmitriy Radkevich, Hamdo‘stlik mamlakatlari elchilari va doimiy vakillari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Maʼruzachilar o‘z chiqishlarida Alisher Navoiy o‘zining o‘lmas asarlarida o‘zbek tilining ulkan imkoniyatlari, boyligi va go‘zalligidan foydalangan holda yuksak insonparvarlik g‘oyalari va umuminsoniy qadriyatlarni kuylagani, millionlab o‘quvchilar qalbidan munosib o‘rin egallaganini taʼkidladi.
Shuningdek, shoir umrining so‘nggi yillarida yozgan «Mahbubul qulub» asarini uning hayotiy tajribasining o‘ziga xos ko‘zgusi, yosh avlod uchun o‘ziga xos sharaf va axloq kodeksi ekani eʼtirof etildi.
Tadbirda, shuningdek, Alisher Navoiy g‘azallari, sheʼrlaridan parchalar o‘qildi. Bundan tashqari, Ijroiya qo‘mita binosida Navoiy ijodiga bag‘ishlangan kitoblar va slaydlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilarga Alisher Navoiy kitoblari sovg‘a qilindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi