O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BMTTD vakillari bilan "O'zbekiston Respublikasida Tashabbusli budjetlashtirish jarayonining istiqbollari" mavzusida seminar
2021-02-16 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 16-fevralida Moliya vazirligida BMT Taraqqiyot dasturi va Moliya vazirligining qo'shma loyihasi doirasida tashkil etilgan O'zbekiston Respublikasida tashabbusli budjetlashtirishni amalga oshirish va rivojlantirish istiqbollariga bag'ishlangan seminar bo'lib o'tdi.
Seminar O'zbekiston Respublikasida jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni amalga oshirish uchun budjet mablag'larini yo'naltirish mexanizmini takomillashtirish, tashabbusli budjet sohasidagi chet-el amaliyotini ko'rib chiqish, shuningdek xalqaro va xorijiy mutaxassislar bilan fikr almashish maqsadida tashkil etildi.
So'nggi yillarda O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlar doirasida ijro etuvchi hokimiyat organlarining hisobdorligini kuchaytirishga, Oliy Majlis va xalq deputatlari Kengashlarining rolini oshirishga, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini barcha darajada qarorlarni muhokama qilish va qabul qilish jarayonlariga jalb etishga katta e'tibor qaratilmoqda. Budjet sohasida budjet oshkoraligi va shaffofligini oshirishga hamda fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etilib kelmoqda.
Joriy yilda tajriba tariqasida, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da Davlat dasturini amalga oshirish doirasida, hududlarda (shaharlarda) budjetlarni shakllantirishda xarajatlarning 5 foizini yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlashga e’tibor qaratgan holda mahalladagi muammolarni hal qilish bo'yicha fuqarolarning takliflari asosida yo'naltirish tartibini joriy etish rejalashtirilgan.
Moliya vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi ko'magida tashkil etilgan seminarda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Taraqqiyot strategiyasi markazi, “Yuksalish” milliy harakati va boshqa vazirliklar hamda idoralar, viloyat hokimliklari, jamoat kengashlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari (shu jumladan masofaviy tarzda) ishtirok etishdi. Shu bilan birga, seminarda ishtirok etish uchun BMTTD va Jahon bankining xalqaro ekspertlari, shuningdek Rossiya Federatsiyasi va Ukrainadan (masofaviy tarzda) xorijiy mutaxassislar taklif qilindi.
Seminar davomida ishtirokchilar milliy va xorijiy ekspertlarning O'zbekistonda tashabbusli budjetni rivojlantirish istiqbollari, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarning tajribalari misolida davlat va munitsipal boshqaruvga integratsiyalashgan partisipator amaliyotlari, Ukrainada partisipator/tashabbusli budjetni rivojlantirish amaliyoti hamda PEMPALga a'zo mamlakatlarning partisipator budjetlash sohasidagi tajribalariga bag‘ishlangan taqdimotlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Ma'ruzachilarning taqdimotlaridan so'ng bo'lib o'tgan munozaralar davomida seminar ishtirokchilari O'zbekistonda tashabbusli budjet jarayoning amaldagi amaliyotini takomillashtirish bo'yicha takliflarni muhokama qildilar, shuningdek xorijiy va xalqaro ekspertlar bilan xorijiy tajribani qo'llash imkoniyatlari va partisipator/tashabbusli budjetni rivojlantirishning xalqaro amaliyoti yuzasidan fikr almashishdi.
Seminarda keltirilgan tajriba va misollar fuqarolarning budjet mablag'larining bir qismini taqsimlashda ishtirok etishi, aholining fikri va manfaatlarini hisobga olgan holda, muammolarni joyida yaxshiroq hal qilishga qanday hissa qo'shishini aniq ko'rsatib berdi. Muhokama natijalari bo'yicha ishchi guruh tomonidan tajriba o‘tkaziluvchi hududlarda tumanlar (shaharlar) budjetlaridan mablag'larning bir qismini taqsimlashda fuqarolarning ishtiroki uchun eng maqbul model (amaliyot) va mexanizmlari taklif qilinadi.
Ushbu tadbir tajriba almashish va O'zbekistonda tashabbusli budjetlashtirishni rivojlantirish istiqbollarini batafsil muhokama qilish uchun samarali maydon bo'lib xizmat qildi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi