“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” ezgu g‘oyasi atrofida birlashib, yuksak maqsad – demokratik va erkin yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni xalqimiz har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda.
Mazkur mas'uliyatli jarayonda milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini umum e'tirof etilgan xalqaro demokratik standartlarga uyg‘unlashtirish orqali fuqarolarning saylovga oid huquqlarini yanada kengroq va to‘laroq ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Bu - saylov bo‘yicha ekspertlar, jumladan, xalqaro ekspertlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning saylovlarimizni kuzatib borgan missiyalari ham keng e'tirof etgan haqiqatdir. Ular so‘nggi yillarda O‘zbekistonning saylov qonunchiligi va amaliyotida ro‘yobga chiqarilayotgan ulkan o‘zgarishlar haqida so‘z yuritar ekanlar, ushbu yo‘nalishda tizimli ravishda amalga oshirilayotgan islohotlarning yuksak samaralarini eng muhim muvaffaqiyatlar qatorida qayd etmoqdalar.
Shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyo erishilayotgan muvaffaqiyatlardan xotirjamlikka berilishni emas, takomil va taraqqiyot sari muttasil va dadil intilishni taqozo etadi. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida parlamentga va mahalliy kengashlarga ilk bor o‘tkazilgan saylovlar jarayonida orttirilgan tajriba milliy saylov qonunchiligi va amaliyotida ayrim bo‘shliqlar va yechimini kutayotgan vazifalar mavjudligini ko‘rsatdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan shu yil 8 fevral' kuni “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning imzolanishi fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq ta'minlashdek ezgu maqsadlar yo‘lida muhim omil bo‘ladi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ushbu qonun loyihasi konsepsiyasining ishlab chiqilishidan to parlament qo‘yi palatasida qonun loyihasi sifatida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishigacha va Oliy Majlisda qabul qilinishigacha bo‘lgan ulkan jarayon amalga oshirildi. Bu jarayon davlat organlari faoliyatining ochiqligi va xalqchilligining, yurtimizda so‘z erkinligi va oshkoralikni ta'minlash borasida sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar berayotgan yuksak samaralarning yana bir yorqin tasdig‘iga aylandi.
Bu yil davlatimiz va xalqimiz hayotida muhim siyosiy voqea – Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabr' kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida: “Markaziy saylov komissiyasi bo‘lajak saylov milliy qonunchiligimiz va umume'tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuksak saviyada tashkil etilishiga alohida e'tibor qaratishi lozim,”- deb ta'kidlandi.
Bunda o‘tgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish ishlarini davom ettirish muhim vazifalardan biridir.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ishlari pandemiya bilan bog‘liq murakkab sharoitga qaramasdan, jadal boshlab yuborildi va izchil davom etirilmoqda.
Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda mamlakatimizning barcha hududlarida saylovchilar vakillari, saylov tashkilotchilari va mahalliy rahbarlar ishtirokida 2019 yilgi saylovlarning natijalari va xulosalariga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazildi. Xalqaro va mahalliy ekspertlar hozirligida on-layn muhokamalar yo‘lga qo‘yildi. Ularda mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar, xususan YeXHTning Inson huquqlari bo‘yicha byurosi to‘laqonli Missiyasi tomonidan bildirilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq etishga oid masalalar chuqur tahlil qilindi va umumlashtirildi. “Saylov–2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” axborotnomasi o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etildi.
Ushbu to‘plamdan ko‘plab takliflar joy oldi. Saylovlarni yanada samarali tashkil etish, aholining huquqiy bilimi va elektoral madaniyatini yanada yuksaltirish, mahalliy kengashlarga saylov o‘tkazishning uch pog‘onali tizimini optimallashtirish, tuman va shahar saylov komissiyalarining rolini oshirish kabi masalalar shular jumlasidandir.
O‘zbekiston Respublikasini 2017 — 2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasining konsepsiyasi tayyorlandi va uning Oliy Majlis palatalari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, saylov qonunchiligi sohasidagi olimlar, ekspertlar hamda amaliyotchilar ishtirokidagi on-layn muhokamalari o‘tkazildi.
O‘tgan yilning may-iyun' oylarida esa qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Bildirilgan asosli fikr-mulohaza va takliflar inobatga olindi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ushbu konsepsiyaning ishlab chiqilishida, eng avvalo, saylovchilarning, ya'ni xalqimizning, hohish-irodasi va istaklari, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotida orttirilgan boy tajriba, saylovlarga doir umume'tirof etilgan xalqaro normalar hamda standartlar, taraqqiy etgan xorijiy davlatlarning saylovlarni o‘tkazish borasidagi tajribasi hisobga olindi.
Bir so‘z zamiridagi ulkan e'zoz
Shu o‘rinda qonun loyihasidagi davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov o‘tkazish vaqtini o‘zgartirishga oid taklif, ayniqsa, ko‘pchilikning e'tiborini tortganini qayd etish joiz.
Sirasini aytganda, Xalq deputatlari Toshkent shahar, Toshkent viloyati kengashlari deputati, Senat a'zosi va Senat Raisining o‘rinbosari ekanligimda, saylov jarayonlarining ko‘p yillik bevosita ishtirokchisi sifatida oddiy saylovchilardan to saylov tashkilotchilariyu mahalliy rahbarlargacha – ko‘plab fuqarolarning saylovlarni o‘tkazishni iliq kunlarga ko‘chirish borasida bildirgan jo‘yali istak va takliflariga o‘zim ham guvoh bo‘lganman. Biroq saylovlarni yil oxirida o‘tkazish bilan bog‘liq eski an'anani o‘zgartirishga o‘z vaqtida na hafsala, na qunt qilingani bor gap.
Ko‘pchilikning fikricha, saylovlarning qahraton qish - dekabr' oyidan ko‘ra, ochiq-sochiq, iliq oyda o‘tkazilishi har tomonlama va hamma uchun – saylovchilar uchun ham, saylanuvchilar uchun ham, saylovlarni tashkil etuvchilar uchun ham, saylovlardan keyin oliy davlat organlarini o‘z vaqtida shakllantirish uchun ham juda qulay.
Siyosiy partiyalar vakillari, mahalliy kuzatuvchilar va deputatlar saylov qonunchiligiga kiritilgan bu muhim yangilikni katta quvonch bilan kutib olganiga shubha qilmasa bo‘ladi. Zero, saylovlarning ayni qahraton qish mavsumiga to‘g‘ri kelishi fuqarolarning saylovlardagi faolligiga, saylovoldi tashviqoti tadbirlarini keng qamrovda o‘tkazishga, ayniqsa, ommaviy tadbirlarni tashkil etishga salbiy ta'sir etib kelayotgani sir emas.
Qolaversa, saylovlar natijasida konstitusiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekistonning qonun chiqaruvchi hokimiyati va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi davriylik prinsipi asosida yangilanishi ta'minlanadi. Barcha darajadagi ijroiya hokimiyati qaytadan shakllantiriladi. Bulardan tashqari, yangi yil bayrami, yil yakunlari va sarhisobi, kelgusi yil rejalari, dasturlari bilan bog‘liq g‘oyat muhim jarayonlar bor.
Bunday siyosiy-huquqiy jarayonlar muayyan vaqt va mehnat talab qilishi tabiiy. Prezidentimiz 8 fevral' kuni imzolagan yangi qonun bo‘yicha saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan, endi Prezidentlikka saylov, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov ularning konstitusiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr' oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. Ta'kidlaganimizdek, bunday saylovlar ilgari dekabr' oyida o‘tkazilar edi.
Bir qarashda, mamlakatimiz Konstitusiyasining 117-moddasidagi bitta so‘z – “dekabr”ni “oktyabr”ga almashtirib qo‘yish jo‘n va oson ishdek tuyuladi. Lekin necha o‘n yillardan buyon amal qilib kelayotgan bu muddatni o‘zgartirishdek xayrli ish bugun, Yangi O‘zbekiston sharoitida amalga oshirilganida buyuk bir hikmat – xalq fikriga va manfaatlariga hurmat-ehtirom mujassam. Shu jihatdan, davlatimiz rahbari tomonidan nomi qayd etilgan qonunning imzolanishi xalqimiz manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonidagi ulkan e'zoz va g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir ifodasidir.
Takomil va taraqqiyot
Saylov kodeksining tegishli modalariga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, Xalq deputatlari tuman, shahar (Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi bundan mustasno) Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari tuzish amaliyotidan voz kechildi. Sababi: o‘zini oqlamadi. Bunday okruglar komissiyalari hududidagi uchastka saylov komissiyalari soni, mutaxassislarning ma'lumotlariga qaraganda, uchtadan oshmasdi. Muqoyasa uchun: Parlament deputatlari saylanadigan okruglarning har biriga yuztagacha uchastka saylov komissiyasi to‘g‘ri keladi.
Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining optimallashtirilishi natijasida 54 mingdan ortiq a'zodan iborat 5739 okrug saylov komissiyasi endi tuzilmaydi. Bunday maqbullashtirish ortiqcha vaqt, mehnat va inson resurlarini jalb qilish tashvishiga chek qo‘yish bilan birga, ma'lumotlarga qaraganda, davlat byudjetining 33 milliarddan ortiq so‘m mablag‘ini tejash imkonini ham beradi.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilishi va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanishi munosabati bilan tuman, shahar saylov komissiyalari tarkibi 21 nafar a'zogacha kengaytirildi.
Yangi qonunga binoan Saylov kodeksiga kiritilgan qator o‘zgartirishlardan yana biri 23-moddaga, ya'ni uchastka saylov komissiyasini tuzishga taalluqli. Ma'lumki, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganda tuziladi.
2019 yili o‘tkazilgan saylovlar jarayonida mazkur yo‘nalishda saylov qonunchiligini takomillashtirish bilan bog‘liq bo‘shlik mavjudligi ma'lum bo‘ldi. Saylov kodeksining 25-moddasida “uchastka saylov komissiyasi a'zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas”, deb alohida qayd etilgan. Bu ta'kiddan maqsad - saylov jarayonida suiste'molchilik, tanish-bilishchilik kabi qonun buzilishi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish. Ammo shifoxonalar, dam olish uylari, harbiy qismlar, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari kabi muassasalarda, ularning qat'iy ichki tartib qoidalari talablaridan kelib chiqqanda, saylov uchastkasi a'zolarini bunday tartibda tuzish qiyin.
Shularni e'tiborga olib, yangi qonunga binoan, Saylov kodeksining mazkur moddasi uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi: “Uchastka saylov komissiyasi a'zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas, bundan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, boshqa stasionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari mustasno”.
Xorijda ovoz berish
Davlatimiz rahbari uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston fuqarolarining qaerda yashab turganidan qat'i nazar, davlat himoyasida bo‘lishi, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta'minlashga yo‘naltirilgan.
2019-yildagi saylovlarda xorijda istiqomat qilib turgan saylov yoshidagi barcha vatandoshlarimiz uchun ilk bor ovoz berish imkoniyati yaratilgani ana shunday yuksak e'tiborning amaldagi ifodasi bo‘ldi. Ta'kidlash o‘rinliki, avvallari bunday siyosiy tadbirlarda faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonliklar o‘zlarining konstitusiyaviy huquqlaridan foydalangan. O‘tgan saylovda esa O‘zbekistonning 38 mamlakatda tashkil etilgan 55 saylov uchastkasida chet elda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan 112 411 nafar saylovchimiz ovoz berdi. Fuqarolarimiz xorijda zich yashaydigan joylarda ko‘chma saylov qutilari orqali 89 807 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berishi tashkil qilindi.
Saylov kodeksining chet davlatlarda istiqomat qilib turgan O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat'i nazar, saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, xorijiy mamlakatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilar orqali ovoz berishning huquqiy asoslari mustahkamlandi.
Endlikda O‘zbekistonning chet mamlakatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning ro‘yxati mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar asosida tuzilishi belgilab qo‘yildi.
Tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda yashab turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor qiladi.
Xorijda yashab turgan fuqarolar o‘zlarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida saylovdan 15 kun oldin yozma shaklda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga yoki Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.
O‘zbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda yashab turgan fuqarolarning ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi murojaatida ko‘rsatilgan shaxsga doir ma'lumotlarni tekshiradi va fuqaroni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish haqidagi masalani hal qiladi. Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.
Tashqi ishlar vazirligi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun taqdim etadi.
O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkazilishining Saylov kodeksida aniq belgilab qo‘yilishi ham xorijda yashab turgan saylovchilar uchun yaratilgan yana bir qulaylikdir.
Hisobini bilgan adashmaydi
Saylov qonunchiligiga saylov komissiyalari zimmasidagi nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifaning chiqarib tashlanishi, saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanishning taqiqlanishi, saylov natijalarini e'lon qilish muddatlarining asossiz cho‘zilishining oldini olish maqsadida, saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10
kundan 5 kunga qadar qisqartirilishiga oid yangi normalarning kiritilgani saylovlarni ochiq-oshkora, shaffof va mustaqillik tamoyillari asosida o‘tkazishga xizmat qiladi.
Shuningdek, siyosiy partiyalarning moliyaviy shaffofligini ta'minlash maqsadida, ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e'lon qilish tartibi joriy etildi.
Bunday hisobdorlik saylov kampaniyasi uchun siyosiy partiyalarga ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishini ta'minlashga xizmat qiladi. Siyosiy partiyalar rahbariyati va mas'ul shaxslari tomonidan ushbu resurslar noto‘g‘ri ishlatilishiga barxam beradi.
Ulkan vazifalarning yuksak mas'uliyati
“Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida Markaziy saylov komissiyasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta'minlasin, deb qat'iy belgilab qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tegishli vazirlik, idora, ilmiy muassasalar va oliy ta'lim dargohlari bilan hamkorlikda aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish, huquqiy savodxonligini oshirishga yo‘naltirilgan ishlar jadal boshlab yuborildi. Bu boradagi hamkorlarimiz safida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, vaqtli matbuot, internet nashrlarning jurnalistlari va blogerlar borki, biz ko‘rsatayotgan faol yordami uchun ulardan minnatdormiz.
Targ‘ibot va tashviqot ishlari jarayonida Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda saylov komissiyalarining tutgan o‘rni to‘g‘risida xabardor qilish, ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tartib-taomillarni keng tushuntirishga ham alohida e'tibor qaratiladi.
Bunda targ‘ibotning barcha ilg‘or texnologiyalaridan, jumladan, davra suhbatlari, seminarlar, uchrashuvlar, on-layn muloqotlar, interv'yular, konferensiyalar, treninglar, o‘quv darslari, tanlovlar, viktorinalar o‘tkazish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish nazarda tutilgan.
Shuningdek, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda saylov komissiyalari a'zolarini saylov qonunchiligi va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan foydalanishi bo‘yicha operatorlarni to‘rt bosqichda o‘qitish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.
Bunday tadbirlarning barchasi pirovard natijada saylov jarayonlari ochiq va oshkora o‘tishini, mamlakatimizning xalqaro demokratiya indeksidagi ko‘rsatkichlari yanada yaxshilanishini ta'minlash, aholining Prezident saylovida faol ishtirok etishi va yurtimiz taqdiri uchun dahldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etib, saylovlarda oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik va mustaqillik kabi umum e'tirof etgan demokratik prinsiplarning yanada mustahkamlanishida muhim omil bo‘ladi.
Zayniddin NIZAMXODJAEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi Raisi,
O‘zbekiston Qahramoni.
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining
2021-yil 16-fevral kungi 33-soni