Davlat bojxona qo‘mitasida Shveysariya Konfederatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Olivye Shav bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi M.Azimov Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahbarliklarida tashqi savdoni yanada liberallashtirish, uning ochiqligini ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan sa'y harakatlar natijasida, bojxona tartib-taomillari yanada soddalashtirilib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilayotganligini ta'kidladi.
O‘z navbatida elchi janoblari O‘zbekistonda barcha sohalar qatorida, tashqi savdo va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni qiziqish bilan kuzatib borayotganligini, ayniqsa xalqaro hamjamiyat mazkur o‘zgarishlarga befarq emasligini qayd etdi.
Tadbirda tomonlar ilk bor Savdoni soddalashtirish global Dasturining rasmiy hujjatlarini imzolashdi.
Mazkur Dastur Jahon bojxona tashkiloti tomonidan tashqi savdo sohasida yuksak salohiyatga ega bo‘lgan rivojlanayotgan davlatlar faoliyatini xalqaro savdo sohasidagi standartlarga muvofiqlashtirish hamda eksport, import va tijorat tovarlarining harakatlanishi sohasida tajribalarini oshirishga qaratilgan bo‘lib, u Shveysariya Konfederatsiyasi tomonidan moliyalashtiriladi.
2019-yilning mart va noyabr oylarida respublikamizga tashrif buyurgan Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi K.Mikuria O‘zbekiston Respublikasini mazkur Dasturga a'zo bo‘lishga taklif qilgan edi. Boisi, mamlakatimizning mintaqada tashqi savdo sohasida ochiq va shaffof davlat siyosatini yuritayotganligi xalqaro darajada yuksak e'tirof qilinmoqda.
Ayniqsa, 2020-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo sohasida xalqaro darajada e'tirof etilgan hujjatlarga - Savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha Kioto Konvensiyasi va Vaqtincha olib kirish bo‘yicha Istanbul Konvensiyasiga qo‘shilganligi respublikamizdagi tadbirkorlik va investitsiya muhitining jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonning mazkur Dasturda ishtiroki kelgusida respublikaning tashqi savdo sohasidagi salohiyatini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dastur doirasida bojxona va tashqi savdo sohasida boshqa nazorat qiluvchi organlar faoliyatini quyidagi asosiy yo‘nalishlarda takomillashtirish maqsad qilingan:
- “Yagona oyna” avtomatlashtirilgan axborot tizimini xalqaro standartlarga muvofiqligini baholash;
- Tovarlarni chiqarib yuborish o‘rtacha vaqti bo‘yicha tahlillar o‘tkazish va tavsiyalar ishlab chiqish;
- Bojxona auditi nazoratini o‘tkazishni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;
- Savdo jarayonlarini soddalashtirishning boshqa yo‘nalishlarida ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini qo‘llash va boshqalar.
Mazkur hamkorlik respublikamizda bojxona tartibotlarini yanada soddalashtirishga yordam beradi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Dаvlаt bоjхоnа qo‘mitаsi