O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni qurolli kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq:
1. Chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining chaqiruv yoshidagi fuqarolari 2021-yilning mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqirilsin.
Harbiy xizmatga yaroqli, shu jumladan cheklovlar bilan yaroqli bo‘lgan hamda chaqirilish muddatini kechiktirish
va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq ushbu chaqiruv davrida Qurolli Kuchlar safiga chaqirilmaydigan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinsin.
2. Muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilar 2021-yilning mart-aprel oylarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 11-fevral
Manba: O'zA