O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
ITSV: O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bilan aloqalarni kengaytirishga tayyor
2021-02-11 | Iqtisodiyot
Kecha O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK) bosh kotibi Bag‘dod Amreyev bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish surʼati va ulkan salohiyatiga urg‘u bergan holda, O‘zbekiston va TTDHK o‘rtasidagi munosabatlarning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.
Muloqotda tomonlar qator ustuvor yo‘nalishlar: investitsiyalar, savdo, transport va logistika, turizm, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish hamda innovatsiyalarni joriy etishda hamkorlikni faollashtirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar. TTDHK doirasida savdo, investitsiya va moliya institutlarini tashkil etish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, taraflar Kengashga aʼzo mamlakatlarning tranzit salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutib, transport va logistika sohasida sheriklik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar erishilgan kelishuvlar va ilgari surilayotgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni, shuningdek, O‘zbekistonning TTDHK bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga tayyor ekanliklarini maʼlum qildi.
TTDHK bir qator turkiy mamlakatlarni birlashtiruvchi xalqaro tashkilotdir. U 2009 yil 3 oktyabrda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasida imzolangan Naxichevan Bitimi bilan tashkil etilgan. Tashkilotning Bosh kotibiyati Istanbul shahrida (Turkiya) joylashgan. O‘zbekiston 2019 yilning 14 sentyabrida TTDHKga aʼzo bo‘ldi. Turkmaniston va Vengriya ushbu tashkilotning kuzatuvchi davlatlaridir.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi