O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2021-yil Xalqaro Turkiy akademiya tomonidan “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilindi
2021-02-10 | Madaniyat
Mamlakatimizning Qozog‘istondagi elchixonasi tomonidan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlashga doir vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Xalqaro Turkiy akademiya (XTA) hamkorligida “Alisher Navoiy – Sharqning yorqin yulduzi” mavzusida ilmiy-amaliy onlayn-anjuman o‘tkazildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi parlamenti deputati Faxriddin Karatayev, Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti Darxan Qidirali, Qozog‘iston davlat mukofoti laureati Nesipbek Aytuli, shuningdek, O‘zbekiston, AQSH, Turkiya, Ozarbayjon va Qirg‘izistondan navoiyshunos olimlar, shoirlar va ziyolilar ishtirok etdi.
D.Qidirali 2021-yil XTA tomonidan “Alisher Navoiy yili” deb belgilangani va bugungi tadbir ushbu yilning “ochilish debochasi” ekanini qayd etdi. Joriy yil Navoiy asarlarini barcha turkiy tillarga o‘girishga grant ajratilishi haqida to‘xtalib, karantin cheklovlari tugagandan so‘ng, YUNESKO bilan hamkorlikda katta tadbirlar rejalashtirilayotganligini maʼlum qildi.
Tadbirda taniqli qozoq shoiri, Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” va “Saddi Iskandariy” dostonlarini qozoq tiliga tarjimoni N.Aytuli “Alisher Navoiy - turkiy xalqlar sheʼriyatining otasi” deya baho berib, uning asarlari har bir turkiy davlatda doimo mutolaa qilinishi zarurligini urg‘uladi. U ayni paytda Navoiyning «Lison ut-tayr» («Qushlar tili») dostonini qozoq tiliga o‘girish ishlari bilan shug‘ullanayotganini maʼlum qildi.
Yevroosiyo yozuvchilar uyushmasining raisi, turkiyalik yozuvchi Yakub Omeroglu so‘zga chiqib, Alisher Navoiy meʼrosi – turkiy xalqlar adabiyotining negizini tashkil etishini taʼkidlab, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qo‘lyozmalarning faksimile nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish choralari ko‘rilayotganini quvonarli hol, dedi.
Boku milliy universiteti (Ozarbayjon) professori Ramiz Asker “O‘zbekiston – jannatmonand yurt, u nafaqat boy tarix va madaniyatga ega, balki Alisher Navoiydek buyuk daholari ham bor”, - deb qayd qildi.
Anjumanda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston vakillari so‘zga chiqdi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov hozirgi kunda O‘zbekistonda Alisher Navoiy meʼrosini o‘rganish yangi bosqichga ko‘tarilgani, xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazilayotganini maʼlum qildi. Navoiy o‘z asarlarida turkiy ulusni ulug‘ maqomda ekanini amalda isbotlab bergani, shu bois buyuk ajdodimizning ijodi turkiy xalqlar adabiyotida muhim o‘rin tutishini alohida taʼkidladi.
Elchixona ish rejasiga muvofiq, Qozog‘istonda Alisher Navoiyning 580 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirlar yil mobaynida davom etadi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi