O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Belgiyadan munosabat: Alisher Navoiy asarlarini O‘zbekiston xalqi sevib mutolaa qiladi va o‘zining buyuk bobokaloni bilan chin dildan faxrlanadi
2021-02-08 | Madaniyat
O‘zbekiston-Niderlandiya do‘stlik jamg‘armasi raisi Daliya Chakar “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
- Roppa-rosa 580 yil muqaddam buyuk shoir, mutafakkir, faylasuf, olim va davlat arbobi Alisher Navoiy tavallud topgan. Uch mingdan ziyod asar muallifi bo‘lgan alloma o‘zbek adabiyotining asoschisi, turkiy xalqlar adabiyotining eng yorqin namoyandasi sifatida qadrlanishi ham bejiz emas. Uning asarlari butun dunyoda maʼlumu mashhur bo‘lib, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari va Turkiyada unga bo‘lgan hurmat va ehtirom o‘zgacha.
O‘zbekistonga bir marta bo‘lsa ham sayohat qilgan, uning tarixi va madaniyatidan ozgina bo‘lsa-da xabardor bo‘lgan odam Alisher Navoiy O‘zbekiston madaniy-maʼnaviy merosida Amir Temur, Mirzo Bobur va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk davlat, adabiyot va fan arboblari qatorida yuksak eʼzozlanishidan boxabar. Uning g‘azallari, dostonu devonlarini O‘zbekiston xalqi sevib mutolaa qiladi va o‘zining buyuk bobokaloni bilan chin dildan faxrlanadi.
O‘zbekistondagi eng yirik viloyatlardan biri, uning maʼmuriy markazi, eng yirik sanoat korxonasi, shuningdek, Milliy kutubxona, Universitet, metro bekati va ko‘plab boshqa muassasalarning buyuk shoir nomi bilan atalgani mamlakatda tarixiy meros va uni asrab-avaylashga bo‘lgan yuksak eʼtibor ko‘lamidan yaqqol dalolat beradi.
O‘tgan yili men buyuk shoir dafn etilgan Afg‘onistonga xizmat safari bilan borgan chog‘imda bu mamlakatda ham buyuk shoirning xotirasi asrab-avaylanayotganini va ko‘plab ko‘chalar, maktabu xiyobonlarga Alisher Navoiy nomi berilganiga guvoh bo‘ldim.
O‘zbekiston-Niderlandiya do‘stlik jamiyatining 2021-yilgi ish rejasida o‘zbek xalqining buyuk bobokaloni Alisher Navoiy xotirasiga bag‘ishlab qator tadbirlar uyushtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, biz ularga yevropalik taniqli olim va adabiyoshunoslarni jalb qilish niyatidamiz.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi