O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tashqi ishlar vazirligi va Notarial palata o‘rtasida Hamkorlik memorandumi to‘g‘risida
2021-02-06 | Siyosat
2021-yil 5-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Erkin Xamrayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov tomonidan Tashqi ishlar vazirligi va Notarial palata o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5816-sonli Farmonining ijrosi doirasida hamda xorijdagi konsullik muassasalarimizda fuqarolarga ko‘rsatilayotgan notariat sohasidagi konsullik xizmatlarining samaradorligini yanada oshirish, shuningdek Notarial palata bilan xorijdagi konsullik muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatib, ish jarayonida vujudga kelayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal qilishni amaliyotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, Memorandum O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi konsullik muassasalarining notariat sohasiga oid faoliyatini raqamlashtirish, ma’lumotlarning elektron bazasini yaratish, xorijiy tajribani o‘rgangan holda ushbu sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, konsullik mansabdor shaxslari uchun notarial harakatlar bo‘yicha tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lgan uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish va mazkur yo‘nalishda turli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish masalalarini tartibga soladi.
Bundan tashqari, Notarial palata, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari xodimlari ishtirokida muntazam vebinarlar o‘tkazib turish haqida kelishib olindi.
Memorandum imzolanishidan asosiy maqsad xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini yanada samarali va tezkor ravishda himoya qilish, sifatli konsullik xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi