O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy taʼlim muassasalariga kirish testlarini yangicha koʻrinishda tuzish boʻyicha milliy ekspertlar oʻqitildi
2021-02-06 | Ta’lim
Joriy yilning 5-fevral kuni Vazirlar Mahkamasidagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida milliy sertifikatlash tizimi doirasi tashkil qilingan oʻquv seminarlarni muvaffaqiyatli yakunlagan ekspertlarga sertifikat topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Odil Qoʻysinov, Davlat test markazi direktori oʻrinbosari Sardor Rajabov, Xalq taʼlimi vazirligi boshqarma boshligʻi Laziz Xoʻjaqulov, TEAM universiteti Taʼlim sifatini nazorat qilish va takomillashtirish boʻlimi boshligʻi Komil Jalilov, xorijda malaka oshirib kelgan testologlar hamda oʻquv seminarlarida muvaffaqiyatli qatnashgan ekspertlar ishtirok etishdi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-oktabrdagi “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yildan boshlab oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda, milliy sertifikatsiya tizimi joriy qilinmoqda. Milliy sertifikatlash tizimini 7 ta fan boʻyicha bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Birinchi bosqichda ona tili va adabiyoti hamda matematika, ikkinchi bosqichda kimyo va biologiya, yakunda esa fizika, geografiya va tarix fanlaridan joriy qilinishi rejalashtirilgan.
Qarorda umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi sertifikatni berish uchun tuziladigan test savollari davlat taʼlim standartlariga mos ravishda hamda taʼlim oʻquv dasturiga muvofiq ishlab chiqish Xalq taʼlimi vazirligi va Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga yuklatilgan edi.
Mazkur vazifa ijrosini sifatli taʼminlash maqsadida Taʼlim inspeksiya mutaxassislari tomonidan bir qator ilgʻor xorijiy tajribalar xususan Buyuk Britaniyaning Cambridge Assesment, Pearson, A Levels, Amerika Qoʻshma Shtatlarini SAT, Rossiyaning YEGE test tizimlari oʻrganib chiqildi. Qolaversa inspeksiya huzuridagi Milliy tadqiqotlar markazi mutaxassislari tomonidan PISA, PIRLS va TIMSS kabi xalqaro tan olingan test tizimlari tahlil qilindi.
Shuningdek, oliy taʼlim muassasalariga kirish istagida boʻlgan yoshlar xotirasini emas, balkim bilim va koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazish uchun savollarni tuzishda ishtirok etadigan, ilgʻor xorijiy tajribalardan xabardor milliy testologlarga ehtiyoj borligi maʼlum boʻldi.
Mazkur muammoni hal qilish uchun oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, Prezident maktablari, akademik litseylar, umumtaʼlim va xususiy maktablarning malakali pedagoglar hamda metodistlar tanlab olindi va ular uchun Taʼlim inspeksiyasi tomonidan xorijda malaka oshirib qaytgan testologlarni jalb qilgan holda «Testologiya va baholash nazariyasi» mavzusida 3 haftalik oʻquv seminari tashkil qilindi.
Mazkur seminarlarda milliy sertifikatsiya tizimiga jalb qilingan 70 nafardan ortiq ekspertlar hamda taʼlim inspeksiyasining 20 nafarga yaqin doimiy ekspertlari ishtirok etishdi. Viloyatdagi ekspertlar uchun darslar toʻgʻridan-toʻgʻri ZOOM orqali uzatib borildi hamda inspeksiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirib borildi.
Seminarlar davomida test tuzuvchi ekspertlar test yaratish bosqichlari, validlik, yopiq va ochiq test test topshiriqlarini yaratish, test topshiriqlarining sifat parametrlari kabi mavzular boʻyicha maʼruzalar tinglashdi hamda umumtaʼlim fanlaridan Milliy test tizimi uchun test topshiriqlarini yaratish va tahlil qilish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar bajarishdi.
Test sifatini tahlil qiluvchi ekspertlar esa baholash jarayonining mohiyati va asosiy qonuniyatlari, ishonchlilik, test topshiriqlari sifati, test natijalarini tahlil qilish kabi mavzularni maʼruzalar tinglashdi va test topshiriqlarining aprobatsiya natijalarini tahlil qilish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar bajarishdi.
Tadbirda soʻz olganlar Davlatimiz rahbari tomonidan oʻquvchilarni faqat yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish vazifasi belgilanganini, buning uchun Finlyandiya tajribasini oʻrganish ishlari boshlanganini, shunday ekan milliy sertifikatlar uchun testlarni ham ushbu ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan holda tuzish zarurligi aytildi.
Xususan, Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Odil Qoʻysinov mazkur masalaga toʻxtalib oʻtar ekan, shunday dedi:
– Uzoq yillar amaldagi test tizimimizda koʻproq xotirani sinash, yod olingan bilimni tekshirishgagina qaratib kelingan. Shuning uchun ham oliy taʼlim muassasalariga kirishda maktab taʼlimiga emas repetitorlar koʻmagiga tayanib kelindi. Soʻnggi ikki uch yilda esa testlar mazmuni ham xalqaro tajriba asosida yangilab borilmoqda. Maktab taʼlimida asosiy eʼtibor oʻquvchilarning mantiqiy fikrlashi, kreativ qobiliyatlarini shakllantirishga qaratilayotganini inobaatga olib, testlarni ham bunga moslashtirish boʻyicha ishlarni yana-da jadallashtirishimiz lozim.
Buni testologiyada Washback effekti deb atashadi. Mazkur tushuncha asosan, test jarayonlarining taʼlimga va bu orqali jamiyatga boʻlgan munosabatini oʻrganadi. Xalqaro tadqiqotlarga koʻra Washback effekti 3 narsani oʻzgartiradi: taʼlim jarayoni qatnashchilarini taʼlimga boʻlgan munosabati, test tizimida oʻquv metodikasini va, albatta, taʼlim sifatini oʻzgartiradi.
Shu nuqtayi nazardan, test savollarini yangicha koʻrinishda tuzishni yoʻlga qoʻyish uchun Taʼlim inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat test markazi bilan hamkorlikda ona tili va adabiyoti (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), matematika, kimyo va biologiya fanlari boʻyicha yakuniy test formati ishlab chiqildi hamda Davlat test markazi veb-saytiga joylashtirildi.
Umid qilamanki, oʻtkazilgan seminar mazkur jarayonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning debochasi boʻlib qoladi va bu borada amalga oshiriladigan koʻplab tadqiqotlarga asos boʻlib xizmat qiladi.
Tabdir yakunida oʻquv seminarlarida muvaffaqiyatli qatnashgan ekspertlarga tegishli sertifikatlar topshirildi. Endilikda ushbu mutaxassislar umumtaʼlim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test sinovlari uchun savollar tuzishda va ularni tahlil qilishda ishtirok etishadi.