O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Farg‘ona viloyatiga hokim tasdiqlandi

2021-02-05 | Siyosat

Farg‘ona shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

- Bu yerga kelishdan oldin ko‘p-ko‘p tahlil qildik. Kelib-ketish oson. Lekin 4 millionlik viloyat aholisiga nima manfaat bo‘ladi, degan savol ko‘ndalang turibdi. Shuning uchun bir oydan beri tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Kecha tumanlarda yurib, odamlar bilan gaplashdim. Farg‘onaning ertasi nima bo‘ladi, deb kechasiyam o‘ylab chiqdim. Koronavirus kasalligi yonimizda yurgandek, iqtisodiy xavf-xatar ham yonimizda yuribdi. Dunyodagi inqiroz hamma davlatlarga ta’sir qildi. Bozor topish - azob bo‘lib ketdi. Shuning uchun yangi «o‘sish nuqtalari»ni shakllantirib, imkoniyatlarni to‘liq ishga solishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlat rahbari 2020-yil sentabr oyidan buyon Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Xayrullo Bozorov nomzodini Farg‘ona viloyati hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

X.Bozorov mehnat faoliyatini 1995-yilda soliq inspektori sifatida boshlagan. 2007-2015-yillarda Namangan viloyati hokimining ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, Uchqo‘rg‘on, Chust va Mingbuloq tumanlari hokimi bo‘lib ishlagan. 2015-2020-yillarda Namangan viloyatini hokimi bo‘lgan. O‘tgan yili O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

- Men Xayrulla Bozorovni ko‘p yillardan beri bilaman. Uchta tumanda, viloyatda hokim bo‘lib ishlagan. Juda tajribali, hozirgi zamonga munosib, xalqparvar, kamtar inson. To‘rt oydan beri hokim vazifasini bajaruvchi sifatida sizlarning ham sinovingizdan o‘tdi. Farg‘onaga mana shunday bilimli, tajribali odam kerak, - dedi davlat rahbari.

Xalq deputatlari, nuroniylar, yoshlar so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Prezident tumanlardagi mutasaddilarning ish uslubi, joylardagi muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi.

- Agar rahbar oddiy, samimiy bo‘lib, «yerda» yurib, xalqning dardini bilib, og‘irini yengil qilsa, uning hurmati oshadi. Faqat stolda o‘tirib, mashinada yurish bilan obro‘ oshib qolmaydi. Mening eng katta tashvishim - quyi pog‘onadagi, tuman miqyosidagi rahbarlar o‘ziga mas’uliyat olmayapti. Bor imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, faollar birlashib, ko‘p masalalarni tuman, mahallaning o‘zida hal qilsa bo‘ladi. Hokim halovatga intilmasligi kerak, o‘zini ishga bag‘ishlashi kerak, - dedi Prezident.

Yig‘ilishda xizmat vazifasini yetarli darajada bajarmagani uchun Quva, O‘zbekiston va Yozyovon tumani hokimlari hamda ayrim sektor rahbarlari lavozimidan ozod etilgani aytildi.

Prezident viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahallabay tizimda aholi turmush sharoitlarini yaxshilash vazifalari bo‘yicha ma’ruza qildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться