O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Taʼlim inspeksiyasi professional taʼlimni rivojlantirish boʻyicha Germaniya kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi
2021-02-05 | Ta’lim
Joriy yilning 4-fevral kuni german-oʻzbek moliyaviy hamkorligi doirasida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Germaniyaning PLANCO konsalting kompaniyasi vakillari oʻrtasida professional taʼlim tizimidagi yangi loyiha rejasi muhokamasiga bagʻishlangan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev va inspeksiya masʼul xodimlari hamda PLANCO konsalting kompaniyasi tomonidan professional taʼlim boʻyicha katta ekspert, guruh rahbari Gerxard Rettenbaxer hamda milliy ekspert Jahongir Joʻrayev ishtirok etishdi.
Uchrashuv kun tartibidan Taʼlim inspeksiyasining professional taʼlimdagi roli, professional taʼlimning bugungi kundagi holati va tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda loyiha doirasida hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari bilan bogʻliq masalalar oʻrin oldi.
Uchrashuv avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev professional taʼlim tizimida sifat koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha inspeksiya oldiga qoʻyilgan vazifalar va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berdi.
– Davlatimiz rahbarining 2019-yil 6-sentyabrda imzolangan “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, kasb-hunar maktablari – oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga, kollejlar – yoʻnalishlariga mos ravishda vazirlik va idoralarga, texnikumlar esa – tegishli oliy taʼlim muassasalariga biriktirildi.
Shuningdek, mazkur farmon bilan yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish bilan bogʻliq boʻlgan normativ-huquqiy bazani tubdan qayta koʻrib chiqish va xalqaro andozalar asosida yangilarini yaratish boʻyicha bir qator ustuvor vazifalar ham belgilab berildi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda Taʼlim inspeksiyasi ham bevosita ishtirok etib kelmoqda.
Xususan, Taʼlim inspeksiyasi boshchiligida rivojlangan mamlakatlarning jumladan, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya va boshqa 20 dan ortiq mamlakatlarning tajribalarini oʻrgangan holda Oʻzbekistonda ilk bor 8-darajali Milliy kvalifikatsiya ramkasi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.
Taʼlim inspeksiyasi muvofiqlashtiruvchi organ sifatida xalqaro andozalarga mos ravishda yangi shakl va mazmundagi “Professional standart”larni ishlab chiqishda ham bevosita ishtirok etib kelmoqda.
Bu borada inspeksiya tomonidan Oʻzbekiston-Shveysariya “Kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish” loyihasi doirasida ilk bor “Professional standartlarni ishlab chiqish metodikasi” nomli uslubiy qoʻllanma yaratilib tizimida professional taʼlim muassasalari boʻlgan 40 dan ortiq vazirlik va idoralar uslubiy koʻmak sifatida berildi.
Hozirda vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda mehnat bozorida ishchi kasblarga boʻlgan talab asosida 1200 dan ortiq kasb standartlari ishlab chiqilib oʻrnatilgan tartibda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilib amaliyotga kiritildi, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.
Shuningdek, xorijiy kompaniya vakillariga yurtimizda professional taʼlimni isloh qilish, taʼlim muassasalarini bosqichma-bosqich moddiy texnik bazasini mustahkamlab borish, oʻquv metodik taʼminotini xalqaro tajribalardan kelib chiqib sifat darajasiga olib chiqish kabi istiqboldagi vazifalar haqida maʼlumot berildi.
Xususan, xorij tajribalari asosida “Kasbiy fanlarni oʻqitish metodikasi va metodologiyasi” boʻyicha ilmiy ishlanmalarni yaratish, qishloq xoʻjaligi, qurilish, xizmat koʻrsatish, turizm yoʻnalishlari pedagog kadrlar uchun xorijiy trenerlarni jalb qilgan holda oʻqitish metodikasi boʻyicha “master-klass” treninglarini tashkil etish, oʻquvchilar bilimini baholashning zamonaviy metodikasini ishlab chiqish, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani taʼminlashda “dual” taʼlimni tashkil etish hamda mehnat bozorida oʻrta boʻgʻin kadrlarga boʻlgan real ehtiyojlarni oʻrganib borish boʻyicha metodikalarni metodikasini ishlab chiqish kabi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Oʻz navbatida PLANCO konsalting kompaniyasining katta eksperti janob Gerxard Rettenbaxer berilgan batafsil maʼlumotlar va ularni qiziqtirgan savollarga mazmunli va atroflicha berilgan javoblar uchun minnatdorchilik bildirar ekan, Taʼlim inspeksiyasi hamkorlikdagi loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlarni xolis va shaffof baholab boradigan tashkilot sifatida muhim oʻtin tutishini taʼkidlab oʻtdi.
Muhokamalar yakunida loyiha boʻyicha hamkorlik ishlarini davom ettirishga kelishib olindi.