O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shavkat Mirziyoyev: Har bir yosh haqida ota-onasi qanday qayg‘ursa, men ham shunday qayg‘uraman

2021-02-04 | Siyosat

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni Farg‘ona viloyatiga keldi.

Tashrif dasturi juda tig‘iz va mazmunan boy. Birinchi manzil - Oltiariq tumanidagi “Fayzli bog‘lar sari” uzumchilik kooperatsiyasi.

Oltiariqliklar dehqonchiligi, omilkorligi bilan tanilgan. Ularga yer berilsa, o‘zini ham, elini ham boy qiladi. Lekin, boshqa mahsulotlarga nisbatan daromadi kamligiga qaramay, bu tumanda ham paxta va g‘alla ko‘p ekilar edi. Davlatimiz rahbarining qishloq xo‘jaligini tarkibiy o‘zgartirish, bozorbop ekinlar ekishga qaratilgan siyosati qo‘li gul dehqonlar va yoshlarga katta imkoniyat ochdi.

Prezident kelgan kooperatsiyaning 6 gektarlik tokzori o‘rnida ilgari paxtadan 20, g‘alladan 25 sentner hosil olinar edi. O‘tgan yili bu yerda bog‘ yaratilib, “xusayni”, “kelin barmoq”, “rizamat” navli uzum ko‘chatlari ekilgan. Qator oralarida pomidor, bodring, ko‘katlar, qalampir va boshqa sabzavotlar yetishtirilmoqda. Tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan.

Eng muhimi, bu maydon 51 nafar yoshga, jumladan, xorijdan qaytib kelgan mehnat muxojirlariga ajratib berilgan. Ular plyonka ostiga sabzavotlar ekib, to‘rt martagacha hosil olishi mumkinligini aytishdi.

- Har bir yoshni ota-onasi qanday qayg‘ursa, men ham shunday qayg‘uraman, - dedi Shavkat Mirziyoyev ular bilan suhbatda. - Yoshlarni tezroq ish bilan ta’minlash uchun katta imkoniyatlarimizdan biri hozircha shu. Hayotda o‘rnini topgan insonda o‘ziga ishonch, intilish paydo bo‘ladi. Bugun yoshlarga daromad manbai yaratib, ish o‘rgatib, tetapoya qilsak, 2-3 yildan keyin hech kimga qaram bo‘lmaydi - bankda hisob-raqami bo‘ladi, uy oladi, yaxshi yashaydi, bolalarini yaxshi tarbiyalaydi.

Prezident yoshlarga o‘qib-o‘rganib, faoliyatini yaxshilash bo‘yicha maslahatlar berdi.

- Hayot - kurash, raqobat. Bu kurashda kim kuchli bo‘ladi? Aqlli, bilimli, mehnat qilgan. Bugun yoshlar davlatimizning e’tiborini his etishi, ko‘p o‘qib, kun sayin bilimini oshirib, rivojlanishda davom etishi kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

Yerlarni ajratib berish orqali Farg‘ona viloyatida 200 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

 “Fayzli bog‘lar sari” uzumchilik kooperatsiyasining umumiy yer maydoni qariyb 130 gektar. Shundan 40 gektar maydonda tokzor, 90 gektar maydonda intensiv bog‘ barpo etilgan. 2 ming tonna sig‘imli muzlatkichli ombor, yuk mashinalari bor. Yetishtirilgan mahsulotlarning katta qismini eksport qilish rejalashtirilgan.

Shu yerda Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться