Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston–Britaniya kengashining 25-yig‘ilishi o‘z ishini boshladi
Joriy yilning 3-fevral kuni videokonferensiya shaklida Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Britaniya kengashi (UBTIC) 25-yig‘ilishining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining Xalqaro savdo bo‘yicha vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, shuningdek, ikki mamlakat diplomatik missiyalari tomonidan tashkil etildi. Unda ikki davlat vazirliklari va idoralari rahbarlari, xalqaro moliya institutlari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar hamda Britaniyaning yirik xususiy kompaniyalari vakillari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov tadbir ishtirokchilariga qutlov nutqi bilan chiqish qildi. Shuningdek, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining xalqaro savdo vaziri o‘rinbosari Greg Xends, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari B.Abidov, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tim Torlot va O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi S.Rustamov nutq so‘zladi.
Ma'ruzachilar o‘z so‘zlarida Kengash yig‘ilishi O‘zbekiston–Britaniya ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda yangi sahifa ochganligini ta'kidladilar. Bu esa Buyuk Britaniya kompaniyalarining O‘zbekistonning jadal taraqqiy topib borayotgan bozoriga qiziqishi ortayotganligidan dalolat beradi. Tadbir UBTICning butun tarixidagi eng ko‘p ishtirokchilarni yig‘di: «British Petroleum», «Energy Industries Council», «Rio Tinto», «Worley Parsons», «Petrofac», «Cambridge Education Partnership», «Mott MacDonald», «TheCityUK», «Sturgeon Capital» kabi yirik kompaniyalarning 700 dan ortiq vakillari qatnashdi.
Anjuman davomida “O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi” mavzuida yalpi majlis bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishning bugungi tendensiyalari, shuningdek, davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan izchil ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasida Respublikada biznes yuritishning shakllangan afzalliklari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Buyuk Britaniya tomoni iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi tizimli o‘zgarishlar dinamikasi va samaradorligini yuqori baholadi, o‘z navbatida, Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkorlaridan biri sifatida O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Qayta tiklanadigan energetika va ta'lim mavzulari bo‘yicha sessiyalarda hamkorlikning amaliy jihatlari ikki mamlakat vazirlik va idoralari vakillari hamda Britaniyaning bir qator xususiy kompaniyalari rahbarlari ishtirokida batafsil muhokama etildi.
Tadbirning birinchi kuni yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik qilish, xususan, Britaniyaning Portsmut, Bangor, Stratklayd hamda Kembrij universitetlari bilan “ikki diplomli” dasturlar bo‘yicha bir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Uchrashuv joriy yilning 4-fevral kuni ham davom etadi. Dastur bo‘yicha Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi xalqaro savdo vazirining o‘rinbosari lord Garri Grimstoun, iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Suma Chakrabarti, Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida savdo komissari Judit Sleyter nutq qilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ikki mamlakat hukumatlari va ishbilarmon doiralari ishtirokida sog‘liqni saqlash va moliya sohalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar va alohida mavzular bo‘yicha sessiyalar bilan bir qatorda, O‘zbekistonda xususiylashtirish dasturi ijrosini muhokama qilishga bag‘ishlangan yalpi majlis o‘tkazilishi ham kutilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi