O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Loyihalarni har bir tuman va mahalla kesimida tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi
2021-02-02 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-fevral kuni investitsiya sohasiga doir avvalgi topshiriqlar ijrosi va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Joriy yil 11-yanvar kuni tijorat banklari tomonidan jami qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan investitsiya loyihalari hamda Toshkent shahar hokimligi tomonidan jami qiymati 8,6 trillion so‘m bo‘lgan 9 ta yirik sanoat loyihasi taqdimot qilingan edi.
Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmasiga muvofiq, mazkur loyihalarni sifatli amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar, muddatlar va mas’ullar belgilangan “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Bundan tashqari, tijorat banklari tomonidan qo‘shimcha ravishda yangi investitsiya loyihalari tayyorlandi. Taqdimotda ushbu yangi loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, 10 ta yirik tijorat banki tomonidan jami qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan 136 ta yangi loyiha takliflari ishlab chiqildi.
Xususan, Agrobank tomonidan to‘qimachilik klasterlari bilan birgalikda qo‘shimcha 43 ta loyiha shakllantirilgan. Jami 501 million dollarlik ushbu loyihalar natijasida paxta tolasini qayta ishlash darajasi ancha oshib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lami kengayadi.
Milliy bank tomonidan joriy yilda 225 million dollarlik 6 ta yangi loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy hamda Namangan viloyatlarida polivinilxlorid va alyuminiy romlar ishlab chiqarish, poytaxtimiz va Toshkent viloyatida poyezd vagonlari hamda yuk mashinalariga xizmat ko‘rsatuvchi transport-logistika markazini tashkil qilish loyihalari shular jumlasidandir.
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida 110 million dollarlik loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bunda, yiliga 600 ming tonna po‘lat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati paydo bo‘ladi.
Ipoteka bank Quyi Chirchiq tumanida 27 gektardan ziyod maydonda zamonaviy logistika faoliyatini tashkil etish loyihasiga sarmoya kiritmoqchi. Bu korxona bir vaqtda 120 ta yuk mashinasi va 25 ta vagonga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi.
Asaka bank krediti ishtirokida poytaxtimizning “Eski shahar” hududida Milliy savdo shaharchasini tashkil etish mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar avvalo ish o‘rinlari yaratish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Iqtisodiy kompleks idoralari ishni mahallalar darajasida tashkil etishi, tijorat banklari joylarda yuqori samarali loyihalarni amalga oshirib, ayniqsa, yosh tadbirkorlarga keng yo‘l berishi kerakligi qayd etildi.
Buning uchun mahallalarda bankning yangi boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, har bir tuman va mahallaning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda loyihalarni tayyorlash hamda aholiga undan daromad topishni o‘rgatish muhimligi ta’kidlandi.
Taqdimotda Toshkent shahrining Yangihayot tumanida tashkil etilgan sanoat zonasi hududida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalari ham tanishtirildi. Ushbu sanoat hududi 200 gektar bo‘lib, unda qurilish materiallari, oziq-ovqat, tekstil va boshqa bir qator muhim sohalarda jami qiymati 4,6 trillion so‘mlik 71 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti