O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindiston bilan huquq sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda
2021-01-31 | Jamiyat
Respublikamizning Dehlidagi elchisi Dilshod Axatov Hindiston advokatlari uyushmasi va Hindiston huquqiy fondi prezidenti, ushbu mamlakat Oliy sudi advokati va “BRICS” huquqiy forumlari tashkilotchisi hamda “LAWASIA” uyushmasi a’zosi Prashant Kumar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbatdoshga O‘zbekistonda, shu jumladan, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda respublikamizning investitsion jozibadorligini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyati, xususan, savdo va investitsiyalar sohalaridagi ishlar jadal tus olgani munosabati bilan xorijiy hamkorlar bilan yuzaga keladigan tegishli shartnomaviy va fuqarolik-huquqiy munosabatlar ham faollashayotgani bayon etildi. Xususan, savdo-iqtisodiy aloqalar va investitsiyalar bilan bog‘liq masalalarni hal etishni tashkil etish va bunday holatlarda anglo-sakson huquq tizimiga asosan ish yuritish borasida ilg‘or tajriba va malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Suhbat davomida P.Kumarning xalqaro xususiy huquq sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar o‘rtasida muntazam ravishda o‘zaro maslahatlashuvlar, tajriba almashuvlari, seminar va konferensiyalar tashkil etish, hamkorlikda xodimlar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish hamda nizoli holatlarni birgalikda ko‘rib chiqish orqali hozirgi kunda yuzaga kelayotgan muammolarga umumiy va samarali yechim topishga erishish mumkinligi haqida fikrlar bildirdi.
Bu borada huquqshunos BMTning Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasida (ESKATO) ishtirok etuvchi davlatlarning yetakchi huquqiy idoralari vakillaridan tashkil topgan “LAWASIA” (The Law Association for Asia and the Pacific) uyushmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi hamda O‘zbekistondagi ommaviy va xususiy huquq sohasida faoliyat yuritayotgan idoralarni ham “LAWASIA”ga a’zo bo‘lishga taklif etdi.
Uchrashuv yakunida ushbu sohadagi ikki tomonlama muloqotlarni faol davom ettirish va o‘zaro manfaatli masalalarda hamkorlik o‘rnatishga kelishib olindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi