O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident yangi markaz qurilishini ko‘zdan kechirib, o‘z tavsiyalarini berdi
2021-01-30 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Bugungi kunda bino to‘liq qad ko‘targan. Uning markazida ulkan sharqona gumbaz, to‘rt tomonida 34 metrlik peshtoqlar qurilgan.
Davlatimiz rahbari har bir yo‘lak va xonaga kirib, ularni pardozlash va jihozlashga oid loyihalarni ko‘rdi.
Markazning ichki va tashqi ko‘rinishi, naqshlari yuzasidan tavsiyalar berildi. Xonalarni ko‘plab sayyohlar, delegatsiyalar kelishi, xalqaro konferensiyalar o‘tkazilishini inobatga olib zamonaviy jihozlash, ekspozitsiyani turli yoshdagi insonlarga mos holda tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz avvalgi tashrifi chog‘ida Islom sivilizatsiyasi markazi shu yo‘nalishdagi ilmiy muassasalar uchun negiz bo‘lishi, bu yerda olimlar tadqiqot olib borib, talabalar bilimini mustahkamlashi kerakligini aytgan edi.
Shunga ko‘ra, loyiha takomillashtirilib, markazda Xalqaro islom akademiyasining magistrant va doktorantlari o‘qishi uchun sharoit yaratish nazarda tutilgan.
Markazning interer va eksterer bezagi, jihozlanishi, kommunikatsiya, xavfsizlik tizimlari eng ilg‘or talablarga javob beradi.
Davlatimiz rahbari shu yerda olimlar, ziyolilar, nuroniylar va mahalla raislari bilan suhbatlashdi.
- Milliy o‘zlikni anglash deb ko‘p gapiramiz. Lekin shunga munosib bo‘lyapmizmi, degan tuyg‘u meni qiynaydi, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Ota-bobolarimiz qiyin sharoitlarda, mehnat-mashaqqat bilan qanday buyuk ishlarni amalga oshirgan. Jadid bobolarimizni ham bekorga qatag‘on qilishmagan. Chunki bilishardiki, ilm, g‘urur, davlatchilik bizning qonimizda bor. Bu yerda hamma buyuk allomalarimizning ovozi eshitilib turadi.
Markaz joylashgan Olmazor tumanidagi har bir mahalla ushbu ma’rifat maskaniga munosib bo‘lishi, bilim, tarbiya jihatidan takliflarini berishi zarurligi ta’kidlandi.
- Shuni amalga oshirsak, har bir mahallaga Islom sivilizatsiyasi markazining nuri kiradi, yuzimiz yorug‘ bo‘ladi, – dedi Prezident.
Markaz qurilishi davom etmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti