Qo‘mita raisi malaka oshirish o‘quvlarida ishtirok etayotgan imom-xatiblar bilan uchrashdi
Avval xabar berib o‘tganimizdek, shu kunlarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh imom-xatiblari uchun “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” mavzusida malaka oshirish o‘quvlari bo‘lib o‘tmoqda. Ikki haftaga mo‘ljallangan mazkur jarayonda 214 nafar imom-xatib qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Darslarga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidan yetakchi professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar jalb etilgan.
Bugun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Axmedov markazda tashkil etilgan o‘quv jarayonlari, tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va bosh imom-xatiblar bilan muloqot qilish maqsadida Markazga tashrif buyurdi.
Qo‘mita raisi har bir guruh qatnashchilari bilan alohida-alohida muloqot qilib, respublikamizda jaholatga qarshi–ma'rifat bilan kurashish, diniy-ijtimoiy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma'naviy-axloqiy jihatdan barkamol etib, vatanparvar qilib tarbiyalash ishlarini tubdan yaxshilash, Davlatimiz Rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, shuningdek, ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, yoshlar masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishlari va ularda belgilangan yo‘nalishlardagi muhim vazifalarning amaliyotga tatbiq etilishi borasida soha xodimlarining roli kabi muhim mavzular atrofida to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etish kerakki, tinglovchilarga yangi O‘zbekiston islohotlaridan ko‘zda tutilgan maqsadlar, yot ta'sirlarga berilgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarishning samarali uslublari, ma'rifiy islom g‘oyalarini tushuntirishga qaratilgan bir-biridan dolzarb mavzularda turli soha mutaxassislari tomonidan ma'ruzalar o‘qilmoqda. O‘quvlar zamonaviy pedagogik texnologiyalar hamda uskunalarni qo‘llagan holda o‘tkazilmoqda.
Shubhasiz, ushbu o‘quvlar joylarda ijtimoiy-ma'naviy muhitning yanada barqarorlashuvi, diniy soha xodimlarining bilim va saviyasining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita