O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi
Joriy yilning 25-yanvar kuni Saudiya Arabistoni delegasiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Saudiya Arabistoni Podshohligi investisiyalar vaziri Xolid Al-Falihning O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda, shuningdek, Saudiya Arabistoni tomonidan Saudiya Arabistoni kompaniyalarini rag‘batlantirish Milliy agentligi va xususiy sektor vakillari - “ACWA Power”, “Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group” (HMG) va “DirectFN Ltd.” kompaniyalari rahbariyati, O‘zbekiston tomonidan esa Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Kapital bozorini rivojlantirish agentligi rahbariyati ishtirok etdi.
Tomonlar Saudiya Arabistoni xususiy sektor vakillarining O‘zbekistonning tegishli vazirlik, idora va kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralari natijalarini nazarda tutgan holda, Saudiya Arabistoni delegatsiyasining mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifining amaliy samaralarni batafsil muhokama qildilar.
Saudiya Arabistoni tomoni safarning yuqori natijadorligini qayd etdi - delegasiya a'zolari o‘zbekistonlik bo‘lajak va amaldagi hamkorlar bilan sheriklikning barcha jabhalarini bevosita muhokama qilish, shuningdek, yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilash imkoniga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, idoralararo darajadagi ikki tomonlama yaqin hamkorlik investisiya va savdo-iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish uchun muhim salohiyatga ega ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishga qulay sharoit yaratdi.
Xususan, muqobil energiya manbalari asosida ishlaydigan elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqish, qolaversa, O‘zbekiston milliy elektr energiyasi tizimini davlat-xususiy sektor hamkorligi asosida modernizasiya qilish orqali energetika sohasidagi O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni aloqalarini yanada kengaytirishga kelishib olindi. Uchrashuv davomida yaqin kelajakda ikki tomonlama asosda puxta o‘rganish ob'ekti bo‘ladigan aniq loyiha takliflari muhokama qilindi.
Qishloq aholisi va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etish hamda xorijga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini keyinchalik yetkazib berishni tashkil etish asosida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, parrandachilik va chorvachilik sohasida O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni qo‘shma korxonalarini tashkil qilish istiqbollari qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Saudiya Arabistoni tomoni Saudiya kompaniyalarining korporativ ijtimoiy mas'uliyat tamoyillari asosida O‘zbekiston Respublikasining chekka hududlarini ijtimoiy va infratuzilmaviy rivojlantirish bo‘yicha loyiha hamda dasturlarni amalga oshirish uchun jalb etishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, neft'-gaz sanoati, sog‘liqni saqlash, metallurgiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish, axborot-kommunikasiya sohasi, transport va logistika, fond bozorini rivojlantirish va turizm kabi qator yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Saudiya Arabistoni delegasiyasining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida muhokama etilgan loyihalarni ro‘yobga chiqarish uchun qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash hamda erishilgan kelishuvlar ijrosini monitoring qilish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash borasida ikki tomonlama Ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. O‘z navbatida, tomonlar yaqin vaqt ichida Saudiya Arabistonida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi hamda O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni ishbilarmonlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokidagi biznes-forumni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma tayyorgarlikni boshlashga kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group” kompaniyasi o‘rtasida hamda O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan “DirectFN Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumlari imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi