O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
II Xalqaro baxshichilik festivali joriy yil Qoraqalpog‘istonda o‘tkaziladi
2021-01-25 | Madaniyat
II Xalqaro baxshichilik festivali joriy yil aprel oyining uchinchi o‘n kunligida Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri O‘zA manbasiga asoslanib.
Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri Qalbay Turdiyev ma’lum qildi.
II Xalqaro baxshichilik festivalining ochilish marosimi Nukus shahrida boshlanib, yakuniy qismi Mo‘ynoqda bo‘lib o‘tadi.
Vazirning ta’kidlashicha, baxshichilik festivali o‘tayotgan bir vaqtda Amudaryo tumani hududida joylashgan Chilpiq qal’asi atrofida Bolalar folklor hamda Taxtako‘pir tumanida «Qarateren irg‘aqlari» nomli yoshlar festivali ham tashkil etiladi.
Baxshichilik festivalining o‘tkazilishiga doir masalalarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Jamol Nosirov va boshqa mutasaddilar Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, tadbir o‘tkaziladigan joylarni o‘rgangan.
Hozirgi rejaga ko‘ra, Nukus shahridagi “Otchopar” maydonida barcha viloyatlarning pavilonlari tashkil etiladi. Hududlarning milliy urf-an’analari, baxshichilik san’ati shu yerda qad rostlagan sahnalarda namoyish etiladi.
Mo‘ynoqda yakuniy qismga bag‘ishlangan galakonsert o‘tkazilishi hamda tuman markazida o‘tovlar qurilib, olov atrofida baxshi-jirovlar ijrosida konsertlar uyushtirilishi mo‘ljallangan. Xorijdan kelgan sayyohlar va mehmonlar Mo‘ynoqda bir kun qolib tumanning sayyohlik maskanlariga tashrif buyurishi mumkin.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi