O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bosh vazir o‘rinbosari Ispaniya qiroli Filipp IV qabulida bo‘ldi
2021-01-22 | Turizm
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Ispaniyaga tashrifi doirasida qirol Filipp VI qabulida bo‘lib, u bilan yuzma-yuz muloqot qildi.
Ispaniya qiroli Filipp VI tomonidan “Palacio Real de Madrid” saroyida xorijiy delegatsiyalar rahbarlari sharafiga rasmiy qabul tashkil etildi. Ushbu tadbirning ochilish qismida turizm sohasining Ispaniya iqtisodiyotidagi o‘rni, aholi bandligidagi hissasi haqida qayd etilib, pandemiyadan keyingi iqtisodiyotni rivojlantirishda turizm va mamlakatlararo hamdo‘stlikning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Rasmiy tadbirlardan so‘ng Ispaniya qiroli bilan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘rtasida yuzma-yuz muloqot bo‘lib o‘tdi.
Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda o‘zbek xalqi nomidan Ispaniya qiroli va uning oila aʼzolari, shuningdek ispan xalqiga salomini yo‘llab, samimiy tilaklarini yetkazdi. Qirol Filipp VI, o‘z navbatida, 2017-yilning iyun oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammiti doirasida Ostona shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvini iliq xotiraladi. “Ispaniya qiroli bugungi kunda Ispaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar uzoq tarixga ega ekani, olti asr ilgari Ispaniya qiroli elchisi Rui Gonsales de Klavixoning Samarqandga amalgi oshirgan tashrifi va Amir Temur bilan uchrashuviga borib taqalishini aytdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarining davomi sifatida O‘zbekiston tomonidan Ispaniya kompaniyasining “Talgo” rusumli poyezdlari sotib olingani, ular asosiy turizm shaharlarini bog‘layotgani hamda yana yangi ikki poyezd olib kelish kabi rejalar qirolda katta qiziqish uyg‘otdi”, - deydi Aziz Abduhakimov.
Shuningdek, Ispaniya qiroli pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yumshaganidan so‘ng O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan borish istagi borligini bildirdi .
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi