O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osiyo hamkorlik muloqoti Tashqi ishlar vazirlari kengashining yigʻilishi toʻgʻrisida
2021-01-21 | Siyosat
2021-yilning 21-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Yangi xavfsiz va sogʻlom turizm” mavzusida videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtgan Osiyo hamkorlik muloqoti (OHM)ga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining XVII yigʻilishida ishtirok etdi.
Tadbirda tuzilma bosh kotibi Pornchai Danvivatanning hisoboti tinglandi, OHMning boshqa tashkilotlar va xalqaro munosabatlarning subyektlar bilan aloqalari bo‘yicha meʼyoriy qoidalar tasdiqlandi hamda tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi.
Delegatsiyalar rahbarlari turizm sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va kelgusidagi rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, koronavirus pandemiyasi sharoitida xorijiy sayyohlarning xavfsizligi va sogʻligʻini taʼminlashga qaratilgan yangicha yondashuvlarni ishlab chiqishning muhim jihatlari, ularni hayotga tatbiq etish mexanizmlari haqida soʻz yuritildi.
Tashqi ishlar vaziri A.Kamilov oʻz nutqida COVID-19ga qarshi kurashishdan jahon iqtisodiyotini qayta tiklash, jumladan turizm sohasini rag‘batlantirishga faol tayyorgarlik ko‘rish bosqichiga o‘tish uchun qat’iy choralar qabul qilish va saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston TIV rahbari tadbir qatnashchilariga Oʻzbekistonda turizm sohasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi. Xususan, sayyohlik qayta yoʻlga qoʻyilganidan keyin respublikaga kelgan xorijiy sayyohlar “turizmni yangi shaklda” – yanada xavfsiz, yanada rang-barang va yanada individual holda koʻrishlari mumkin boʻladi.
Tadbirda Osiyoda mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish borasida amalga oshirilayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan, Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashning muhimligi qayd etildi.
Tadbir yakunida Osiyoda hamkorlik muloqoti boʻyicha tashqi ishlar vazirlar kengashi XVII yigʻilishining Anqara deklaratsiyasi qabul qilindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi