O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi
2021-01-21 | Fan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida 2020-yil 3-dekabr kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida texnogen chiqindilar tarkibidan oltin, kumush, rangli va noyob metallarni ajratib olish texnologiyalarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish topshirig‘i bir qator korxona va tashkilotlarga, shu jumladan, Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limiga yuklatilgan edi.
Shu munosabat bilan “MISiS” MTTU Olmaliq filiali anjumanlar zalida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJga tegishli bo‘lgan topshiriqlar ijrosi muhokama qilishga bag‘ishlangan ilmiy-texnik seminar tashkil etildi. Unda Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari va Navoiy bo‘limi hamda oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Navoiy davlat konchilik instituti olimlari qatnashdilar.
Kun tartibidagi asosiy masaladan tashqari, Olmaliq KMKning ortiqcha sulfat kislotasini yo‘q qilish yoki uni boshqa tayyor mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirish, Qizilqum fosforit majmuasida fosforitlarni kuydirish jarayonisiz boyitish imkoniyatlarini o‘rganish, qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun “Ammofos-Maxam” AJning fosfogips chiqindilarini jalb qilish masalalari ham ko’rib chiqildi.
Ushbu masalalarni ITMlarining ilmiy-texnik salohiyatini jalb qilgan holda Navoiy olimlari guruhiga rahbarlik qilgan FA Navoiy bo‘limi raisi A.U.Mirzayev o‘rganib chiqib, muammolar yechimlariga qaratilgan ishlanmalarni taqdim qilishini ayytdi. Shuningdek, u Bo‘limning tashabbusi bilan o‘tgan yilning dekabr oyida "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" DK mutaxassislari bilan sanoat chiqindilarini qayta ishlash masalasi muhokama qilinganligini ta'kidladi.
Shu bilan birga, seminarda OKMK bilan tuzilgan xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlar tegishli ITM vakillari tomonidan o‘qib eshittirildi. Tadbir ishtirokchilarining bir qismi korxonaning texnik va texnologik muammolarini hal qilish bo‘yicha o‘zlarining g‘oyalarini taqdim etdilar. Ular orasida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining tayanch doktoranti N.I.Xurramov ham bor. U Markaziy Qizilqum fosforitlarini kompleks qayta ishlash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Seminar yakunida ishtirokchilar turli yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarur degan xulosaga kelishdi.
Manba: O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi