O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Taʼlim inspeksiyasida Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi

2021-01-19 | Ta’lim

Joriy yilning 19-yanvar kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan targʻibot tadbiri boʻlib oʻtdi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi, Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi rahbariyati va xodimlari hamda inspeksiyaning hududiy boʻlimlari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida Respublika targʻibot guruhi aʼzosi Faxriddin Joniyev Murojaatnoma mazmun-mohiyati va unda koʻtarilgan masalalar, mamlakatimizda taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha 2021-yil davlat dasturida belgilangan vazifalar yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.

Xususan, oʻqituvchi kasbini jamiyatda eng nufuzli va obroʻli kasbga aylantirish borasida ularning malakasini oshirish, mashaqqatli mehnatlarini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha istiqbolda amalga oshiriladigan ishlar va belgilangan vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etish lozimki, davlatimiz rahbarining bu yilgi Murojaatnomasi ham fan, taʼlim, innovatsiya sohasidagi tashabbuslarga boy boʻldi. Jumladan, yosh avlodga bogʻcha, maktab va oliy taʼlim muassasasida sifatli taʼlim-tarbiya berish, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan insonlar etib voyaga yetkazish, ularning hayotda munosib oʻrin topishi uchun koʻmak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratish vazifasi belgilandi. Xususan, oliy taʼlim muassasalari va taʼlim tizimining quyi boʻgʻinlari oʻrtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy oʻquv yurtlari tasarrufiga oʻtkaziladi. Shuningdek, 187 ta texnikum ham oʻz yoʻnalishi boʻyicha turdosh oliy oʻquv muassasasi va tarmoq korxonalariga biriktiriladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib Taʼlim inspeksiyasi tomonidan yurtimizda taʼlim sifati va samaradorigini oshirish boʻyicha aniq rejalar belgilab olingan.

Bundan tashqari, Prezidentimiz pedagoglar hozirgi vaqtda eskicha usulda har besh yilda malaka oshirayotganini tanqid qilib, bundan buyon “hayot davomida oʻqish” tamoyili asosida ularning malakasini uzluksiz oshirib borish zarurligini taʼkidlagan edi. Ayni paytda mazkur vazifa ijrosini taʼminlash boʻyicha ishlar ham boshlab yuborildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari oʻqituvchilarga pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligidan kelib chiqib toifa berish mezonlarini ham qayta koʻrib chiqish lozimligini taʼkidladi. Bugungi kunda hududlarga tashrif buyurgan Taʼlim inspeksiya ishchi guruhi ushbu tizimni takomillashtirish boʻyicha bevosita pedagoglarni fikrini oʻrganmoqda.

Murojaatnomada taʼlim tizimimiz uchun yana bir muhim masala — ilgʻor xorijiy tajriba asosida Milliy oʻquv dasturini joriy etish zarurligi ham taʼkidlandi. Prezidentimiz topshirigʻiga asosan, mazkur yoʻnalishda Finlyandiya tajribasini oʻrganish va uning yutuqlarini joriy etish boʻyicha ham tizimli ishlar bajarilmoqda. Zero, aynan ushbu mamlakatda bolaga ortiqcha yuklama bermay, sifatli taʼlimga erishilmoqda.

Mavjud oʻquv dasturlarini takomillashtirish, ular oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlash, oʻqituvchi va domlalar uchun metodik qoʻllanmalarni ilgʻor xalqaro dasturlarga moslashtirish boʻyicha olimlar va soha mutaxassislaridan iborat katta guruh faoliyat olib bormoqda.

Tadbirda shuningdek, Murojaatnomada jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarini isloh qilish va modernizatsiyalashning keng koʻlamli dasturini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashga qaratilgan qator islohotlar va ularni amalga oshirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Inspeksiya xodimlari kun tartibidagi masala yuzasidan fikr va mulohazalarini bildirib oʻtishdi, ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Yakunda Murojaatnomadagi fan va taʼlim sohasiga vazifalar mazmun-mohiyatini Taʼlim inspeksiyasi vakillari tomonidan hududlarga tashriflar mobaynida soha vakillariga yetkazish ishlari davom ettirishga kelishib olindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Поделиться