Toshkent shahar hokimi Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati akimi Umirzak Shukeyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi
Turkiston viloyati bilan do‘stona aloqalar uzoq tarixga borib taqaladi.
Ayniqsa, azaldan savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlangan. Bugungi uchrashuv esa o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish hamda aloqalar ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hududlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish masalasiga to‘xtalar ekan, sanoat, turizm, sog‘liqni saqlash sohasida birgalikda ko‘plab ikki tomonlama manfaatli loyihalarni amalga oshirish mumkinligiga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, Turkiston viloyati va Toshkent shahri o‘rtasida temir yo‘l liniyasi qurib ishga tushirilsa, sayyohlar uchun Turkiston-Toshkent-Samarqand-Buxoro-Xiva yo‘nalishida tur taklif qilish imkoniyati yaratilishi, umuman, ikki tomonda ham turizmni rivojlantirish salohiyati katta ekanligini qayd etdi.
Turkiston viloyati akimi Umirzak Shukeyev Toshkent yildan-yilga ko‘rkamlashib, taraqqiy etib borayotganligini alohida ta'kidladi. Shahardagi qurilishlar, yangi inshootlar, bog‘lar, xiyobonlar va ishlab chiqarish quvvati tobora o‘sib borayotganini Toshkentning katta yutug‘i deya e'tirof etdi.
Turkiston viloyatida O‘zbekiston poytaxtida bo‘lganidek, turar joylar uchun alohida dizayn va zamonaviy sharoitlarga ega mavzelarni qurish, xiyobonlarni tashkil etish hamda o‘zaro hamkorlikda sanoat loyihalarini amalga oshirishga ehtiyoj borligini ma'lum qildi. Xususan, Turkistonda gaz plitalari ishlab chiqarish bo‘yicha zavod ochish taklifini bildirib, buning uchun Artel kompaniyasi bilan xamkorlik qilish maqsadini bayon etdi, zavodni qurib, ishga tushirish uchun barcha sharoit borligini bildirdi.
Shuningdek, Toshkentdagi yashillik, bog‘lar va xiyobonlar andozasiga asoslangan holda o‘z hududidagi go‘zal bog‘ barpo qilish uchun mutaxassislarni kutib olish va tajribasini o‘rganishga tayyor ekanligini aytib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlari atroflicha muhokama etildi. Xususan, hududlar rahbarlari o‘zaro aloqalarni kengaytirish maqsadida yana delegatsiyalar almashinuvi davom etishini bildirdilar.
Manba: Toshkent shahar hokimligi