O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi tashkil etildi
2021-01-18 | Sog‘liqni saqlash
Joriy yil 15-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-apreldagi “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi etib qayta tashkil etildi. Toshkent shahridagi 1-son respublika klinik shifoxonasi negizida markazning ko‘p tarmoqli klinikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va Sirdaryo viloyatlari hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida markazning filiallari ochildi.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
– sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat ko‘rsatuvchi rahbar xodimlar va tibbiyot xodimlari hamda tibbiy muhandis-texnik xodimlarning malakasini oshirish, qayta tayyorlash, shuningdek, ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi muassasalar faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish;
– malaka oshirish va qayta tayyorlash ta’lim jarayonlarini tashkil etishda ilm-fanni hamda sog‘liqni saqlash sohasida innovatsiya ishlarini keng joriy etish;
– ta’lim jarayonini nazariy va amaliy ko‘nikmalarning uzviyligida tashkil etish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, masofadan o‘qitish va telemeditsina uslublarini o‘quv jarayoniga keng tatbiq etish.
Qaror bilan markazning maqomi belgilanib, moliyalashtirish manbalari tasdiqlandi.
Manba: O'zA